Mayor Azizbek Azimov 1984 yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tugʻilgan. 2010 yilda Jizzax politexnika institutini tamomladi. Sohadagi faoliyatini 2004 yilda Sirdaryo viloyati Shirin shahar IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlinmasi xodimi lavozimida boshladi. Shundan soʻng ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat koʻrsatgan qahramonimiz ayni vaqtda Jizzax viloyati Zomin tumani IIOFMB boshligʻining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida xizmat qilmoqda.

Azizbek Azimov masʼuliyatli va tashkilotchi rahbar sifatida shaxsiy tarkibda obroʻ qozongan. Qaerda ishlamasin, qonunbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni fosh qilishga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etishga intiladi. 

U shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshiryapti. Shuningdek, mayor hamkasblarining yashash joyida boʻlib, ularning turmush sharoiti bilan tanishmoqda. Oʻrganish natijalariga koʻra, sohaning ayrim vakillariga murabbiylar biriktirilib, kezi kelganda ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatilayapti. Azizbek Azimov xodimlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish choralarini koʻrmoqda. Jumladan, boshqarmada kitob yarmarkalari tez-tez tashkil etiladi. 

U xodimlar oʻrtasida sport musobaqalari uyushtirishga alohida eʼtibor qaratayotir. Mayor tashabbusi bilan hamkasblariga ibrat boʻlayotgan ichki ishlar organlari xodimlari ragʻbatlantirilayapti. Natijada, joriy yilda xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish holati kuzatilmadi. 

Azizbek Azimov jinoyat qidiruv sohasidagi tadbirlarda ham faol. Xususan, shu yilning 8 martida Zomin tumanining Gʻafur Gʻulom nomidagi mahallada sodir etilgan qotillik jinoyatining fosh etilishiga katta hissa qoʻshdi. Mayorning namunali xizmati munosib ragʻbatlantirilyapti. 2020 yilda u Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.