Ichki ishlar organlarida 2011 yildan buyon xizmat qiladi. Ayni paytda u Toshkent viloyati IIBB PPX va JTSB Kinologiya xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimida kichik inspektor-kinolog lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Qahramonimiz va uning xizmat itlari doimiy ravishda hodisa joylariga chiqib, jinoyatlar “issiq izida” fosh qilinishida munosib ishtirok etishmoqda. Stasionar postlarda, shuningdek, patrullar tarkibida xizmat olib borib, huquq-tartibotni saqlash va jamoatchilik xavfsizligini taʼminlashga ham oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Safdor R.Xantaevga biriktirilgan xizmat itlari – iz qidirishga oʻrgatilgan «Volʼniy» laqabli belʼgiya ovcharkasi va «Yunkar» nomini olgan nemis ovcharkasi boʻlinmadagi eng koʻp natija beradigan jonivorlardan sanaladi. «Ishdagi samaradorlikka faqatgina doimiy mashgʻulotlar orqali erishish mumkin», deydi u.
– Yaqinda “Yunkar” bir fuqaroning hovlisidan oʻgʻirlab ketilgan ikkita qoramolni topishda yordam berdi, – deydi safdor R.Xantaev. – U darhol iz olib, chorva molining qaerga haydab ketilganini topishga muvaffaq boʻldi. Oʻgʻirlik sodir etgan shaxs qoʻlga olindi.
R.Xantaevga yana «Toma» laqabli yosh labrador ham biriktirilgan boʻlib, u hozircha tayyorgarlikdan oʻtmoqda. «Toma» asosan portlovchi moddalar va portlash xavfi boʻlgan buyumlarni topish boʻyicha zarur koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.
«Xizmat itlari bilan ishlash boʻyicha katta tajribaga ega mutaxassis, ishining ustasi, yosh xodimlarni tarbiyalashga oʻz hissasini qoʻshayotgan ustoz» – hamkasblari Ruslan Xantaevga nisbatan xuddi shunday taʼriflarni keltirishadi.
Joriy yilning birinchi choragi natijalariga koʻra, safdor R.Xantaev Toshkent viloyatining eng yaxshi inspektor-kinologi deb tan olindi.
Radik TUMPAROV,
«Na postu» muxbiri.
