Xalqimiz azaldan tinchlik va osoyishtalikni ona, Vatan, ozodlik kabi muqaddas tushunchalar qatorida ulugʻlab, eʼzozlab keladi. Vatan himoyachilari esa mudom hurmat-eʼtiborda. Ular haqda har qancha gʻururlanib gapirsak arziydi. IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7536-harbiy qismning 1-batalon 2-oʻqchi guruhi seksiya komandiri, III darajali serjant Umid Jalolov ana shularidan biri.
Umid Jalolov tirishqoqligi, topshiriqlarni bekamu koʻst uddalashi kabi xislatlari bilan rahbariyat nazariga tushgan. Ustozu rahbarlarning ishonchini oqlayotgani, oʻtkazilayotgan barcha madaniy va sport tadbirlarida, oʻquv mashgʻulotlarida faol ishtirok etishi bilan ajralib turadi.
U shartnoma asosidagi faoliyatini 2009-yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7532-harbiy qismning 6-batalʼon 2-oʻqchi guruhida ikkinchi seksiya komandiri lavozimida boshladi. Batalʼon komandirining moddiy taʼminot boʻyicha yordamchisi, III darajali serjant Faxriddin Chorievdan sohaning sir-asrorlarini puxta oʻrgandi, tajriba va bilimga ega boʻldi. Shuningdek, egallagan boy tajriba va bilimlarini safarbar etib, harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshyapti.
Bundan tashqari, qorovul boshligʻining birinchi yordamchisi lavozimida xizmat qilib, jangovar xizmat vaqtida bir necha marotaba mahkumlar va ularning oila aʼzolari tomonidan noqonuniy xatti-harakatlarni toʻxtatib qoldi. Shu bois xizmat boʻyicha erishgan yutuqlari va benuqson xizmatlari uchun 33 marotaba IIV hamda qism rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirildi. 2022-yil 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni arafasida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
III darajali serjant Umid Jalolov Kogon tumani IIBda faoliyat koʻrsatayotgan turmush oʻrtogʻi, katta leytenant Mehrigul Joʻraeva bilan farzandlari Murodbek hamda Mirfayzlarni komil insonlar qilib voyaga yetkazishmoqda.
Darvoqe, lavhamiz qahramoni 1987-yil 17-aprelda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tugʻilgan. Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan tavallud kuni bilan chin qalbdan tabriklaymiz. Unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilaymiz. Kelgusida farzandlari ham bu ahil oilaning davomchilari boʻladi, degan umiddamiz.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
