Erta tong. Hali quyosh uygʻonib ulgurmagan bir mahalda Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB PPX batalʼoni boʻlinma komandiri, katta serjant Alisher Zokirov yoʻriqnoma yigʻiniga shoshdi. Tadbir davomida xizmat yoʻnalishi hamda shahardagi vaziyat bilan tanishdi, kerakli topshiriqlarni oldi.
Shundan soʻng hamkasbi safdor Odil Quvondiqov bilan Navoiy shahrining Islom Karimov shohkoʻchasiga yetib kelishdi. Bugun kechga qadar ular shu joyda xizmat oʻtashadi, mazkur hududda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligi taʼminlanishiga masʼul hisoblanishadi. Ushbu shohkoʻcha deyarli har kuni odam bilan gavjum. Boisi viloyat hokimiyati, savdo markazlari, musiqa maktabi, viloyat shifoxonasi, koʻplab umumiy ovqatlanish maskanlari aynan shu koʻchada joylashgan.
Xizmat kunining dastlabki qismi tinch oʻtdi. Bu haqida Alisher Zokirov maxsus aloqa vositasi orqali rahbariyatga vaqti-vaqti bilan hisobot berib turdi. Tushga yaqin sherigi bilan xizmat mashinasida koʻcha boʻylab aylanib yurar ekan, qarama-qarshi tomondan oynalari qoraytirilgan “Jentra” rusumli avtomobilʼ baland tovushda signal chalib, sirena yoqib oʻtdi. Shunday manman kishilar ortiqcha xatti-harakatlar bilan fuqarolarning gʻashiga tegib, tinchligini buzishadi. Katta serjant Alisher Zokirov zudlik bilan mashinaning iziga tushdi va haydovchiga toʻxtash ishorasini qildi.
Avtoulovni boshqarib borayotgan yigitdan mazkur holat boʻyicha izoh soʻraganida, bexosdan signal tugmasi bosilib ketganini vaj qildi. Mashinaga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatlari soʻralganida esa, yigit haydovchilik guvohnomasidan boshqa hech qanday asos taqdim eta olmadi. Alisher Zokirov unga nisbatan jamoat joyida yurish hamda avtomashinani boshqarish qoidalarini buzganligi uchun shu koʻchada xizmat olib borayotgan YPX xodimi bilan birga bayonnoma rasmiylashtirdi.
Ushbu voqeadan soʻng koʻp oʻtmay aloqa vositasi orqali chaqiib qolishdi. Xodimlar zudlik bilan koʻrsatilgan joyga yetib borishdi. Qarashsa, xabarda aytilganidek, koʻp qavatli uyning kirish qismida haqiqatan ham ikki kishi janjallashayotgan edi. Birining qoʻlida oshxona pichogʻi. Vajohatidan qoʻrqqulik. Vaziyat ancha qaltis. Alisher Zokirov chaqqonlik bilan uning qoʻlidan pichoqni tortib olishga muvaffaq boʻldi. Tartibbuzarlar huquq tartibot-maskaniga olib kelib topshirildi. Qahramonimizning tezkorlik bilan toʻgʻri qaror qabul qilganligi va epchilligi natijasida yana bir koʻngilsiz hodisaning, balki fojianing oldi olindi. Xayriyatki, hech kimga tan jarohati yetmadi.
– Jamiyatda turli feʼl-atvorga ega insonlar bor. Ular orasida arzimas sababdan janjallashadiganlar, koʻcha-koʻyda yurish-turish qoidalarini pisand qilmaydiganlar ham uchrab turadi. Hamyurtlarimizning tinch hayot kechirishi, xotirjam ishlashi, taʼlim olishini taʼminlash uchun biz tunu kun xizmat qilishga tayyormiz, – deydi lavhamiz qahramoni.
Alisher Zokirov qariyb 9 yildan buyon shu sohada faoliyat olib boradi. Navoiy shahrida jamoat joylarida tinchlik-osoyishtalikni saqlash bilan bir qatorda oʻtkazilayotgan ommaviy tadbirlar chogʻida xavfsizlikni taʼminlashga ham munosib hissa qoʻshib kelyapti. Masalan, oʻtgan yili mingga yaqin jamoat tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan chora koʻrgan, 7 ta yuz berishi mumkin boʻlgan jinoyat va noxush holatni bartaraf etgan. U xizmat paytida yordamga muhtoj biror odamni nazaridan qochirmaydi. Qariya deysizmi, nogironlik aravachasidagi kishimi yoki maktab oʻquvchisimi – barchasiga koʻmaklashishga oshiqadi. Shuning uchun jamoasida ham, aholi orasida ham oʻz obroʻyiga ega.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.