Katta leytenant Rustamxon Akbarov 2017 yilda Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtini tamomlab, ichki ishlar organlaridagi faoliyatini boshlagan. 2017 yildan 2020 yilgacha Fargʻona viloyati IIB 10-tergov hisbxonasida ishladi.

Ayni paytda viloyat IIB YHXB 1-otryad 4-safarbarlik guruhi komandiri vazifasida faoliyat koʻrsatmoqda.

U shu yilning 15 mart kuni Quvasoy shahridagi Arsif mahallasi hududida hamkasbi, katta serjant Rahmiddin Abdurahmonov bilan birgalikda xizmat olib borayotgan edi.

Qahramonlarimiz “Matiz” rusumli avtomashinani toʻxtatib, haydovchining hujjatlarini tekshirayotgan vaqtda mashina salonida oʻtirgan yoʻlovchilardan biri oʻzini shubhali tuta boshlaydi.

Osoyishtalik posbonlari shubhali harakat qilgan yoʻlovchining shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida suhbatlashganida, u qoʻshni respublika fuqarosi A.F. ekani maʼlum boʻldi. Yoʻlovchining oldidagi qora rangli sumkasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida esa uning ichida gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Holat yuzasidan Quvasoy shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi koʻzgʻatilib, A.F. prosessual tartibda ushlandi. 

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.