Katta leytenant Bobojonov Bunyod Rustamovich 1983-yilda Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi Yuqoribogʻ qishlogʻida tugʻilgan. 2004-yilda Urganch Davlat universitetining iqtisodiyot fakulʼtetini tamomlagan. Harbiy xizmatdan qaytgach, Bandlikka koʻmaklashish markazining Urganch tumani boʻlimida mehnat qildi. 2006-yil IIV akademiyasi qoshidagi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursini tamomlab, Xorazm viloyati IIB HPB voyaga etmaganlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish markazi inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. U zimmasidagi vazifalarni oʻz vaqtida bajarish bilan birga ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda, koʻrik tanlovlarida faol ishtirok etdi. Oʻzining tirishqoqligi, izlanuvchanligi, tashabbuskorligi bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bu yigit koʻp oʻtmay boshqarma rahbariyatining eʼtiboriga tushdi. Shundan soʻng u viloyat IIB Axborot markazi katta inspektori, Xoʻjalik boʻlimi katta inspektori, Tashkiliy boshqarmaning axborot-tahlil guruhi katta inspektori lavozimlarida samarali xizmat qildi. Ayni kunda lavhamiz qaxramoni viloyat IIB Tashkiliy boshqarma navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi vazifasida xizmat faoliyatini davom ettirmoqda.
Jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq iz”da fosh etishda katta leytenant Bunyod Bobojonovning ham munosib hissasi bor. U ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini markazlashgan holda boshqarish, fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarni aniq va tezkorlik bilan qabul qilish, tergov-tezkor guruhi xodimlarini kechiktirmasdan hodisa joyiga yoʻnaltirish, sodir etilgan voqea-hodisalar boʻyicha etarli maʼlumotlarga ega boʻlish kabi vazifalarni amalga oshirishda kunu-tun fidoyilik bilan xizmat qilmoqda.
-Kasbiga mehr qoʻygan kishi har bir daqiqaning qadriga etib, unumli mehnat qilishga, samarali natijalarni qoʻlga kiritishga, mazmunli hayot kechirishga intiladi,-deydi viloyat IIB Tashkiliy boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Yodgor Niyozmetov.-Katta leytenant Bunyod Bobojonovning tabiatida ham anashunday fazilatlarni koʻrishimiz mumkin. U oʻtgan yillar davomida oʻziga xos tajribaga ega boʻlgan mahoratli xodim sifatida shakllandi. Yosh xodimlarimizning mehribon ustoziga, talabchan ish oʻrgatuvchisiga aylandi. Shunday ekan, bu kamtarin yigitni jamoamiz faxri deyishga toʻla haqlimiz.
Katta leytenant Bunyod Bobojonov mana oʻn toʻrt yildirki ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilmoqda. Uning qoʻlga kiritgan yutuqlari hamda fidoyi xizmati viloyat IIB rahbariyati tomonidan munosib tarzda ragʻbatlantirib borilyapti.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda”muxbiri.
Xorazm viloyati.
