Viloyat IIB JXX JTSBda PPX batalyoni xodimlari va ularning ota-onalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda boshqarma boshligʻi, polkovnik Sardorbek Rahimov ishtirok etib, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Ayniqsa, uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olishlari uchun imtiyozli bank kreditlari ajratilayotgani, salomatligini tiklash uchun dam olish va davolanish maskanlariga tibbiy yoʻllanmalar, farzandlariga taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berilayotgani ham aynan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi ekanligi tilga olindi.
Yigʻilishda xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashib, ijobiy natijalarga erishayotgan hamda hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan xodimlarning ota-onalariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining tashakkurnomalari topshirildi. Shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida kamchiliklarga yoʻl qoʻyib, shaxsiy tarkib oʻrtasida nosogʻlom muhitni vujudga keltirayotgan xodimlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi taʼkidlab oʻtildi.
Tadbirda batalyon shaxsiy tarkibi bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
