Shu kunlarda IIV Akademiyasining 38 nafar 3-bosqich kursanti Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlarida amaliyotga kirishdilar.

Kuni kecha viloyat IIBda Akademiya oʻqituvchilari, kursantlar, ularning ota-onalari hamda faxriylar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan ishlash xizmati tomonidan tashkil etilgan tadbirda ustozlar, tegishli mutaxassislar soʻzga chiqib, amaliyot bilan bogʻliq jarayon haqida tushunchalar berishdi.

Uch avlod uchrashuvi tarzida oʻtkazilgan tadbirda faxriylar ham soʻzga chiqib, boʻlajak osoyishtalik posbonlariga oʻz hayotiy tajribalari haqida soʻzlab berishdi.

– Sizlar tanlagan kasb juda masʼuliyatli va sharaflidir, – dedi isteʼfodagi mayor Diloromxon Nazirova. – Bu sohada halol va fidoyilik bilan xizmat qilsangiz, el-yurt hurmatiga sazovor boʻlasiz. Sizlar hozirdanoq murabbiylarning etagini mahkam tutib, nazariy bilimingizni amaliyotda sinab qoʻring, yanada mustahkamlang. Bilmaganingizni uyalmay soʻrang, tajriba orttiring. Shunda mustaqil ish boshlaganingizda aslo qiynalmaysiz.

Tadbirda davomida iqtidorli kursant Ibrohimjon Sobirovning ota- onasiga IIV Akademiyasi rahbarining minnatdorlik xati ham tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, ota-onalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan tegishli javob olishdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.