Madaminbek Ahmadbek oʻgʻlining asl ismi Muhammad Aminbek boʻlib, u 1892-yilda Margʻilon atrofida – hozirgi Toshloq tumani «Sadda» qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi Soʻkchilik qishlogʻida oʻrtahol hunarmand oilasida tavallud topgan. Maʼrifatli oilada voyaga yetgan Muhammad Aminbek ismiga monand toʻgʻrisoʻzli, sadoqatli, sermulohaza, imon-eʼtiqodda sobit, diyonatli yigit boʻlgan.
Uning umr daftarining ilk varaqlaridagi bitiklar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan va ogʻir mustamlakachilik zulmi ostida yashayotgan Turkiston xalqlari taqdiri bilan bir xil edi. Binobarin, Birinchi jahon urushi arafasida mustamlakachilarga qarshi koʻtarilgan turli isyonlardagi faol ishtiroki uchun qamoqqa olinadi. 1914-yilda boʻlib oʻtgan sud uning istibdod va zulmga qarshi kurashini soxtalashtirib, Sibirga 14 yilga surgun qiladi. Bu unga oid tarixiy haqiqatlarni soxtalashtirishning debochasi edi.
Shunisi qiziqki, Rossiya imperiyasi oʻziga qarshi qoʻzgʻolgan Madaminbekni oʻzi qilmagan qilmishlar, yaʼni qotillik va oʻgʻrilik jinoyatlarida ayblagan boʻlsa, imperiyaga barham bergan 1917-yil Fevral inqilobi uni siyosiy mahbus sifatida ozod qildi. Bundan ham ajablanarlisi, qotil va oʻgʻri sifatida ayblangan Madaminbekni «Shoʻroi Ulamo» jamiyatining rahbarlari Margʻilon shahar mirshabboshisi lavozimiga tavsiya etishgan boʻlsa, Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallab olgach, Fargʻona viloyati harbiy komissari K. Osipov uni Margʻilon milisiyasi boshligʻi etib tayinlaydi va tegishli qurol-yarogʻ bilan taʼminlaydi.
Biroq sovetlarning subutsiz siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga otlantiradi. 1918-yil mart oyining boshlarida oʻz milisionerlari bilan birgalikda istiqlolchilar safiga oʻtgan Madaminbekning qoʻl ostida 1919-yil yanvarida 16 000 kishidan iborat armiya boʻlgan. Shu yil oxiriga borib, ularning soni 25 000 dan oshgan. U qurdirgan oʻrdada butun Fargʻona vodiysidan kelgan oʻn minglab yigitlar qilichbozlik mashqini, miltiq, pulemyot va zambaraklardan otishni oʻrganishgan. Uning qoʻshini safida 90 nafar rus ofitseri boʻlib, ular harb ilmidan saboq bergan. Madaminbek shtabida 40 nafardan ortiq rus ofitseri, qoʻshini tarkibida esa turk, ozarbayjon va afgʻon zobitlari ham boʻlgan.Shunisi eʼtiborliki, uning qarorgohida oʻq-dori va snaryadlar ishlab chiqariladigan, miltiqlar yasaladigan, zambarak va toʻplar quyiladigan qator korxona va zavodlar boʻlgan. Bunday harbiy ustaxonalar Namangan atrofidagi Uchtepa qalʼasi, Chorvoq qishlogʻi va Andijon uezdidagi Qoʻqonqishloqda ham qurdirilgan.
Bu jumlani oʻqiboq, xayolingizda «Oʻtkan kunlar» voqealari gavdalangan boʻlsa, ajab emas. Zero, Madaminbek ham, Qodiriy qahramoni Otabek kabi nasl-nasabi jihatidan qadimgi beklardan boʻlgan. Biroq bir paytlar Qoʻqon xonligida turli lavozimlarda ishlagan va mavqei ancha baland boʻlgan Madaminbekning ota-bobolari oʻrtahol hunarmand darajasiga tushib qolgan. Xususan, XX asr boshlarida Madaminbekning otasi Ahmadbekning Margʻilonda katta doʻkoni boʻlgan. Onasi esa oʻz davrining oqila ayollaridan biri boʻlib, oʻz hovlisida maktab ochgan va otinoyi sifatida yosh qizlarni oʻqitgan.
Ana shunday maʼrifatli insonlar oilasida dunyoga kelgan Madaminbek Margʻilondagi maktab va mahalliy madrasani tugatgan. Tahsilni Buxoroi sharifda davom ettirishni diliga tukkan yigitni taqdir milliy ozodlik kurashining toʻs-toʻpolonlari ichiga tashladi. Biroq islomiy ilmlarni puxta egallagan Madaminbek kitob mutolaasini kanda qilmagan. Qaerga bormasin, yonida doim muqaddas Qurʼoni karim va mashhur ozarbayjon shoiri Fuzuliy devonini oʻzi bilan olib yurgan.
Bundan tashqari, Turkistonning buyuk istiqlol shoiri Choʻlpon sheʼrlarini sevib oʻqigan. U ishtirok etgan gurunglarda koʻpincha suhbat mavzusi sheʼriyatga borib ulangan. Madaminbek oʻz ona tili – oʻzbek tilidan tashqari, tojik, rus va fransuz tillarini ham yaxshi bilgan.
1918-yil kuzidan boshlab Margʻilon va Andijonda zafarli yurishlarini amalga oshirgan Madaminbek yil oxiriga kelib, Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakatiga umumiy rahbarlik qiladi va Namangan, Fargʻona, Chustda sovetlarga mardonavor qarshilik koʻrsatadi. Biroq Katta Ergash va uning taʼsirida boʻlgan boshqa yirik qoʻrboshilar, xususan, Xolxoʻja Eshon unga boʻysunishdan bosh tortadi. Natijada Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakati ikkiga boʻlinib ketadi.
1919-yil oktabr oyining soʻnggi kunlarida Andijon uezdidagi Oyimqishloqda boʻlib oʻtgan istiqlolchilar harakatining uchinchi qurultoyida Madaminbekning Oliy bosh qoʻmondon va hukumat rahbari etib saylanishi darz ketgan munosabatlarni yanada chigallashtiradi. Ayniqsa, Madaminbekning sovet hokimiyatiga taslim boʻlishi kechagi safdoshlari va maslakdoshlarini oʻziga gʻoyaviy muxolif va ashaddiy raqibga aylantiradi.
Xullas, 1920-yil 14-mayda sovet qoʻmondonligi tomonidan muzokaralar oʻtkazish uchun qoʻrboshilar huzuriga yuborilgan Madaminbek Uchqoʻrgʻon shahri yaqinidagi Qorovul qishlogʻida sobiq safdoshlari qoʻli bilan xiyonatkorona oʻldirilgan. Bor-yoʻgʻi 28 bahorni koʻrgan Madaminbekning qabri Oloy vohasidagi Shigʻay qishlogʻida joylashgan boʻlib, bu manzil oʻzbek, qirgʻiz va boshqa turkiy xalqlarning ziyoratgohiga aylangan.
Madaminbek fojiali ravishda halok boʻlganidan buyon oradan bir asrdan moʻlroq vaqt oʻtdi. Lekin hali-hamon u tirikligida ham, dorilbaqoga rixlat qilganidan keyin ham toʻqilgan qoʻshiqlar, sheʼrlar, latifayu rivoyatlar xalq tilida va dilida yashab kelyapti. Ayniqsa, jadid bobomiz Munavvarqori Abdurashidxonov nazaridan oʻtgan va sayqal topgan «Fargʻonajon» qoʻshigʻi butun Turkiston istiqlolchilari orasida juda mashhur boʻlgan.
Navjuvonligida nobud qilingan taniqli harbiy sarkarda va qoʻmondon boʻlgan Madaminbekning porloq nomi shoʻrolar davrida «bosmachi» sifatida nohaq qoralandi va uning istiqlolchilik harakati soxtalashtirildi. Shukrki, yurtimiz mustaqil boʻlgach, haq qaror topib, uning nomi oqlandi.
1993-yilda yozuvchi va jurnalist Alisher Ibodinov «Qoʻrboshi Madaminbek» hujjatli qissasini oʻquvchilar hukmiga havola etdi. Oʻzbekiston xalq rassomi Malik Nabiev 1999-yilda «Madaminbek» portretini yaratdi. 2011-yilda tarixchi olim Qahramon Rajabov «Madaminbek» tarixiy risolasini, namanganlik ijodkor Baxtiyor Abdugʻafur esa
2018-yilda «Qonli gullar vodiysi: Madaminbek» tarixiy romanini chop etdi. Bugungi kunda ham Madaminbekning serqirra faoliyati toʻgʻrisida nafaqat Oʻzbekistonda, balki Italiya, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabiston va boshqa qator xorij davlatlarida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Temir QURBON.
