Mahallada kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini
olish maqsadida «fuqarobay» va «xonadonbay» ishlar samarasi oʻlaroq, aholining bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbayi bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Jumladan, «Ayollar daftari»ga roʻyxatga olingan 95 nafar xotin-qizning qariyb 80 foizi bandligi taʼminlandi. Xuddi shunday, «Yoshlar daftari»da turgan Shahzod Soliyevga 100 million soʻm kredit olib berilgach, mebel yasash sexi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada
15 nafar yosh ishli boʻldi.
– «Mahalla targʻibotchisi» jamoatchilik guruhlari aʼzolari aholi oʻrtasida samarali targʻibot-tashviqot ishlarini olib borgani jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim oʻrin tutdi, – deydi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Faxriddin Yoʻldoshev.
Mahallada namunali koʻcha, namunali yoʻlaklar tashkil etildi. Kirish-chiqish joylariga 73 ta videokuzatuv kamerasi, quyosh batareyasi orqali ishlaydigan 140 ta tungi yoritish chirogʻi va bir nechta tashvish va SOS tugmalari oʻrnatildi. Oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining 8 tasi
360 gradusli, 12 tasi yuzni tanib oluvchi, 6 tasi avtomashinalar davlat raqamini roʻyxatga oluvchi kameralardir. Ushbu videokuzatuv moslamalari va tashvish tugmalari situatsion markaz hamda «Qalqon» dasturiga integratsiya qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar oʻzining ijobiy natijasini berdi. Mahalla joriy yilning avgust oyida «qizil»dan «sariq» toifaga oʻtkazildi. Ayni kunlarda esa mahallani «yashil» toifaga oʻtkazishga qaratilgan ishlar jadal davom etmoqda.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
