Yakkabogʻ tumani Iibda Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi. Unda probatsiya guruhi nazoratidagi 5 nafar shaxsga nisbatan tuman IIB tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi. 

Sud nazoratda turgan bu shaxslarning axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgani, belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilgani va qilmishining mohiyatini anglab, oʻzlariga tegishli xulosa chiqarganligini inobatga olib, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etdi. Shuningdek, belgilangan jazodan oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarmagani, tayinlangan cheklash qoidalarini bir necha marotaba qoʻpol ravishda buzgani uchun 2 nafar shaxsning jazosini ogʻirroq turdagi jazoga almashtirish toʻgʻrisida ajrimni eʼlon qildi. 

Sayyor sud nihoyasida nazoratdagi shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi xodimlari bilan hamkorlikda mehnat yarmarkasi oʻtkazildi. Tadbirda 4 nafar shaxsga ishga joylashishi uchun yoʻllanmalar berildi.

Sodiq RAHIMOV,

“Postda” muxbiri.

Qashqadaryo viloyati.