Jazo muqarrarligini taʼminlash, mahkumlar ongida qonunga itoatkorlik hissini uygʻotish maqsadida probasiya guruhi hamda jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tuman sudlari oʻzaro hamkorlikda sayyor sud yigʻilishlari oʻtkazishmoqda.
Ushbu sud jarayonlarida jazoni oʻtash davrida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan, ishga vijdonan yondoshgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, sud tomonidan oʻrnatilgan taʼqiq va cheklovlarga rioya etmagan ayrim mahkumlarning jazo turlarini ogʻirrogʻiga almashtirish masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Jumladan, jinoyat ishlari boʻyicha Shovot tumani sudida ham mazkur yoʻnalishda sud yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tuman IIB Probasiya guruhining nazorat ostida turgan 10 nafar shaxslarni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etish toʻgʻrisidagi taqdimnomalari koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi.
Shuningdek, bir nafar shaxs sud tomonidan oʻrnatilgan taʼqiq va cheklovlarga rioya etmaganligi uchun unga nisbatan tayinlangan jazo turi ogʻirroq jazoga almashtirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
