– Qalin doʻstim, yoshlikdan birga katta boʻlgan sinfdoshimning tugʻilgan kuniga necha yildan beri borolmasdim. Oʻrtogʻim bundan xafa boʻlsa ham, menga bildirmas, «Doʻstim, tushunaman, xizmatchilik», deb qoʻyardi, – deya hikoya qiladi lavhamiz qahramoni. – Lekin shu yil uning tavallud kunida vaqt topib, uyiga bordim. Qarasam, hamma sinfdoshlarim yigʻilishgan ekan. Menga koʻzi tushganlar «Ana, tovuq oʻgʻrisini topgan Nursulton keldi!» deb baqirishdi. 

Toʻgʻrisi, bolaligimda yuz bergan oʻsha voqeani deyarli unutgan ekanman, shu kuni yodimga tushdi. Sinfdoshim Mirza yon qoʻshnimiz edi. Otasidan erta yetim qolgandi. Onasi Halima opa kun boʻyi dalada ishlab, bolalarini boqardi. Bir kuni biznikiga chiqib, gap orasida onamga «Uch kundan buyon joʻjalarim yoʻqolyapti. Biror it yeb ketdimikin, desam, izi yoʻq», deb dardi hol qildilar. Bu gapni eshitib, juda jahlim chiqdi. Kim ekan oʻsha oʻgʻri deb oʻylab qoldim. Ertasiga maktabga ketdim deb uydan chiqib, Mirzalarning hovlisiga kirdim. Makkajoʻxorilar boʻyimdan baland edi. Makkapoya orasiga yashirinib, oʻgʻrini poylay boshladim. Ikki kungi urinishim zoe ketdi, ammo uchinchi kun oʻgʻri kimligini aniqladim. 

Koʻchada mayda-chuyda buyumlar sotib yuradigan er-xotin boʻlardi. Ular darchadan ichkariga kirib: «Kim bor?» deya baqirishdi. Sal boʻlmasa «Hech kim yoʻq» deb yuborayozdim. Pistirmada turganligim yodimga tushib, nafasimni ichimga yutdim. Ikkovi tovuq katakni ochib, bir nechta joʻjani qopiga joylab, joʻnab ketishdi. Oʻsha kezlari dadam jazoni ijro etish muassasasida xizmat qilardi. Uning ishdan qaytishini sabrsizlik bilan kutdim. Aksiga olib, yoʻlda dadamni sinf rahbarimiz koʻrib qolib, mening 

3 kundan beri maktabga bormayotganimni aytibdi. Otam uyga kirishlari bilan oldiga yugurib bordim. U kishi esa meni savalay ketdilar. Yigʻlay-yigʻlay boʻlgan voqeani aytib berdim. Dadam meni quchoqlab, bu ishim uchun maqtab, lekin maktabdan qolish yaxshi emasligini tushuntirib, boshimni siladilar. Shunday qilib, mening guvohligim asosida oʻgʻri attorlar qoʻlga olinib, aybiga iqror boʻlishdi. Halima xola esa har gal meni koʻrganda «Oʻzimning izquvar bolam», deb alqab qoʻyardilar. 

Ana shu izquvar bola, yaʼni Nursulton Hasanov keyinchalik maktabni bitirgach, 2018-yilda IIV Akademiyasida «Jinoyat qidiruv» yoʻnalishi boʻyicha tahsil olib qaytdi. Hozirda Karmana tumani IIB JQB tezkor vakili, katta leytenant. Bolalikda boʻy koʻrsatgan izquvarlik qobiliyati, taʼlim muassasasida, xizmat jarayonida ustozlaridan oʻrganganlari jinoyatlarni fosh etishida qoʻl kelyapti.

Tumanning «Koʻhnaqoʻrgʻon» mahallasida istiqomat qiluvchi Shomurod aka oʻzi yashab turgan xonadonda qogʻozni qayta ishlash sexi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Shu tariqa, oila aʼzolaridan tashqari yana ikki yigitni ish bilan taʼminladi. Dam olish kuni tunda uyda hech kim yoʻq edi. Kimdir qulay fursatdan foydalanib, Shomurod akaning seyfidan 50 mln soʻm pullarni oʻgʻirladi. 

Jinoyat joyida iz qoldirilmagani oʻgʻrini topishda qiyinchilik tugʻdirdi. Jabrlanuvchining qoʻshnisi uyiga kiraverishda kamera oʻrnatgan ekan. Ana shu kameraga taksi belgili «Matiz» rusumli mashinaning tasviri tushib qolgan edi. Katta leytenant Nursulton Hasanov videokuzatuv moslamasidagi lavhani qayta-qayta koʻzdan kechirib, haydovchining oq-qora yoʻlli sport kiyi­midan boshqa belgisini topmadi. Shundan soʻng «Matiz» rusumidagi taksilarni kuzata boshladi. Nihoyat bir necha kundan soʻng xuddi shunday sport kiyimidagi haydovchini top­di. Soʻroq qilinganida, u aybiga iqror boʻldi. Jinoyatchi Shomurod akaning ishongan ishchisi boʻlib chiqdi. U seyfda koʻp miqdorda pul borligini sezgan. Ikki oʻrtogʻini yollab, seyfni buzishgan. Oʻljani esa uchchovlon boʻlishib olishgan. Qahramonimizning sinchkovligi, tezkorligi tufayli jinoyatchilar qisqa vaqt ichida qoʻlga olindi. 

Nursulton oilada toʻngʻich oʻgʻil. U koʻp yillar jazoni ijro etish koloniyasida xizmat qilgan otasidan tartib-intizomli, shijoatli va masʼuliyatli boʻlishni oʻrgangan. Yosh boʻlishiga qaramay, izquvarlik ilmini chuqur egallab, tengdoshlariga oʻrnak boʻlmoqda. 

Mahliyo XOLOVA,

«Postda» muxbiri.

Navoiy viloyati.