Buxoro shahridagi 8-oʻrta umumtaʼlim maktabida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va Vatan himoyasidek sharafli kasbga qiziqishini orttirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda viloyat IIB barcha sohaviy xizmatlari oʻzlarining qurol-aslaha, maxsus vosita va maxsus texnikalari bilan ishtirok etishdi.

Viloyat IIB JTSB Kinologiya xizmati xodimlari xizmat iti yordamida jinoyatchilarni ushlash taktikasi va giyohvand moddalarni aniqlash texnikasini namoyish etgan boʻlsa, IIV Buxoro akademik litseyi tinglovchilarining koʻrgazmali chiqishlari tadbirga oʻzgacha ruh baxsh etdi.

Shuningdek, harakatlanuvchi mobil kriminalistik laboratoriya va texnika vositalari namoyishi oʻtkazilib, laboratoriyaning afzalliklari va samaradorligi hamda ekspert-kriminalistika faoliyatining zamonaviy imkoniyatlari haqida ilmiy-amaliy koʻrgazma tashkil etildi. Qolaversa, Mudofaa vazirligiga qarashli 28803-harbiy qism orkestri va faxriy qorovul chiqishlari tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor boʻldi.

Tadbir mobaynida IIV Buxoro akademik litseyi rahbariyati tomonidan oʻqishga kirish istagida boʻlgan yoshlarga barcha shart-sharoitlar tushuntirib oʻtildi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi tizimida qoʻllanilayotgan qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va maxsus vositalar toʻgʻrisida tushuncha berib oʻtildi. Tadbirda ishtirok etganlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Oʻ. HAMIDOV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.