Toshkent shahar IIBB IIBB Axborot mulʼtimedia markazining xabar berishicha joriy yilning poytaxt IIBBda 2021 yilning 11 oyi davomida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish borasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi. IIBB boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov raisligida oʻtgan yigʻilish videoselektor shaklida boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahrida majburiy taʼlimni tartibga solish, darslarga besabab kelmayotgan oʻquvchilarni aniqlash maqsadida taʼlim muassasalarida oʻtgan davr mobaynida 2400 marotabadan ortiq “Davomat” tekshiruvlari oʻtkazildi. Unda 3277 nafar oʻquvchi kechikib kelganligi, 277 nafar oʻquvchi muntazam ravishda darslarga kelmayotganligi aniqlanib, koʻrilgan choralar natijasida 131 nafar oʻquvchi majburiy taʼlimga qaytarildi.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan ogʻir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida oʻtkazilgan “Tigʻ” tadbirlari vaqtida inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazuvchi jismlar olib yurgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari qonuniy tarzda maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Tumanlar kesimida har bir aniqlangan salbiy holatlar birma-bir muhokama qilindi. Qonunda belgilangan majburiyatni bajarmagan, maktablarda voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻygan taʼlim muassasasi rahbarlariga va inspektor-psixologlarga tegishli taʼsir choralari koʻrildi.

Shu bilan bir qatorda, yuqori natijalarga erishgan, hamkasblari oʻrtasida namunali xizmat olib borayotgan bir guruh xodimlar va taʼlim muassasasi rahbarlariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Yigʻilish soʻnggida bu kabi tadbirlar har oy yakuni boʻyicha tuman miqyosida, chorak yakuni boʻyicha esa shahar miqyosida oʻtkazilishi belgilab olindi.

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.