Vatan himoyasidek mashaqqatli va sharafli kasbni tanlagan lavhamiz qahramoni 2013-yilda Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtini tamomlab, Mudofaa vazirligiga qarashli Nukus shahridagi harbiy qismda ilk xizmatni boshladi. Ustozi vzvod komandiri, kapitan Azamat Bekmirzayevdan kasb sirlarini oʻrgandi. Iqlim sharoiti oʻziga xos boʻlsa-da, yurt himoyasini sharaf deb bilgan ofitser Vatanning qay yerida boʻlsa ham xizmat qilishni oʻz burchi deb bildi. Tirishqoqligi, oʻz ustida ishlash, kasbiy bilim va yuqori jangovar tayyorgarlik xislatlari bilan hamkasblari eʼtiborini qozondi.
Katta leytenant Farrux Nurullayev uchun ayniqsa, 2015–2016-yillar xayrli kechdi. Qurolli Kuchlar tizimida oʻtkazilgan «Eng ilgʻor mutaxassis» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida «Eng ilgʻor guruh komandiri» nominatsiyasida ketma-ket faxrli 2-oʻrinni, 2018-yilda esa tanlovda faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Sohaning yetuk xodimiga aylangan katta leytenant 2018-yil mart oyidan boshlab xizmatni Ichki ishlar vazirligi tizimida davom ettirib kelmoqda. Hozirda IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Portlovchi moddalar va portlovchi moddalarni zararsizlantirish Qashqadaryo viloyati boʻyicha maxsus otryad mutaxassisi lavozimida xizmat qilmoqda. Mayor Farrux Nurullayevning vazifasi juda murakkab va masʼuliyatli. U kasbning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirishida boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Abduvahob Moʻminovning xizmatlari katta boʻldi. Oʻz ustida ishlab bilim va malakasini oshirib kelmoqda.
Mayor Farrux Nurullayev turmush oʻrtogʻi Goʻzal Usmonova bilan uch nafar oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.
Sodiq Rahimov,
Oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
