Qoʻqon shahridagi «Urganjibogʻ» mahallasida tashkil etilgan yangi huquq-tartibot maskani 5 ta mahalla hududini qamrab olishi rejalashtirilgan. Qisqa fursatlarda zamonaviy koʻrinishga keltirilib, foydalanishga topshirilgan ushbu maskan bosh inspektoriga yangi xizmat avtomashinasi, shahar hokimligi tomonidan xodimlarga motoskuterlar va kompʼyuter jamlanmalari topshirildi.

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan «yoʻl xaritasi»ga asosan, viloyat hududidagi 20 ta zamonaviy huquq-tartibot maskani tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu maskanlar orqali 100 ta ogʻir toifadagi mahallani qamrab olish va jinoyatchilikni jilovlashda yangicha yondashuvlar asosida ish tashkil qilish koʻzda tutilmoqda. Ayni paytda ushbu huquq-tartibot maskanlarining barchasida qurilish-taʼmirlash ishlari jadal amalga oshirilmoqda. 

Shu oʻrinda Fargʻona shahridagi Abdulla Qodiriy nomli mahallada tashkil etilgan yangi huquq-tartibot maskani ochilganini taʼkid­lash joiz. Huquq-tartibot maskani joylashgan mikrohududda 5 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, ulardagi 4000 ta xonadonda 27 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Yangi maskan esa ushbu aholini keng qamrab olish va profilaktik ishlarni yangicha yondashuv asosida olib borish imkoniyatiga ega. Ayniqsa, mahalla toʻliq raqamlashtirilib, kuzatuv kameralari huquq-tartibot maskanidagi situasion markazga integratsiya qilingani jinoyatchilikni jilovlashda qoʻl keladi. 

Oʻz muxbirimiz.