Mohigul bolaligidan ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qilardi. Maqsadiga yetish uchun 2018-yilda IIV Akademiyasini tamomladi. 

 – Sohaga mehrimni oshirgani va meni har doim qoʻllab-quvvatlagani uchun Abdurahim bobomdan behad minnatdorman, – deydi Samarqand shahar 

IIOFMB 4-sonli IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, kapitan Mohigul Xudoyberdiyeva.

Mohigul Xudoyberdiyeva sohasiga aloqador yangiliklardan xabardor boʻlib boradi. U har bir daqiqadan unumli foydalanishga harakat qiladi. Huzuriga murojaat bilan kelgan xotin-qizlarning muammolarini hal etishga, ogʻirini yengil qilishga koʻmaklashadi. 

– Ikkalamizning ham maqsadimiz mushtarak, yaʼni el-yurt osoyishtaligini taʼminlash. Bitta tizimda xizmat qilganimiz uchun bir-birimizning mashaqqatlarimizni yaxshi tushunamiz, – deydi Samarqand shahar IIOFMB 5-sonli IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Ulugʻbek Turdiboyev.

Hayotda hamkor, hamqadam, hamnafas qoʻshqanotlar xizmatdan qaytgach, oilaviy masalalardan tashqari, beixtiyor xizmat jarayonlari, kimlarga yordam bergani, hal etgan muammolari, ertangi rejalari haqida ham suhbatlashishadi. Oʻzaro mehr-muhabbat, hurmat ular hayotining ustunlaridir. Ota-onalarining duosidan kuch olayotgan katta leytenant U.Turdiboyev va kapitan M.Xudoyberdiyeva maqsadlari yoʻlida sobitqadam, yurt osoyishtaligiga kamarbasta.

– Farzandlar kamoli uchun ota-ona doimo masʼul. Qizingiz kelin boʻlib tushgan xonadonida tinib-tinchib, baxtli yashasa onaning koʻngli xotirjam boʻlar ekan. Shukurki, men ana shunday baxtli ayolman. Qizim Mohigul kuyovim bilan birgalikda el-yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishyapti. Bundan faxrlanaman, – deydi biz bilan suhbatda Mohira Xudoyqulova.  

Har qanday ayolning turmush tarzi, kun tartibi rejali boʻladi. Kapitan M.Xudoyberdiyeva roʻzgʻor yumushlarini bajarishga ham, muammoli oilalar bilan ishlashga ham, oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishga ham ulguradi. Turmush oʻrtogʻi bilan ikkisi farzandi Elnurbekni komil inson qilib ulgʻaytirishga intilishyapti. 

Umida MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.