Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat
Mirziyoyev rahnamoligida milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish,
uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, maʼnaviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Milliy armiyamizni isloh qilish yoʻlida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar zamirida, birinchi navbatda, zamonaviy mudofaa salohiyatiga ega boʻlgan, mahorati yuksak, har qanday murakkab vaziyatda ham mukammal harakat qila oladigan armiyani shakllantirish, ikkinchidan, dunyo va mamlakatimiz harbiy yutuqlari, ilgʻor tajribalaridan unumli foydalanish, uchinchidan, harbiy xizmatchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, ularning professional tayyorgarligini yanada kuchaytirish yotadi. Su maqsadda oʻtgan davrda mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash borasida sohaning normativ-huquqiy asoslari takomillashtirildi. Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi, jangovar tarkibi va shayligi kuchaytirilib, yurtimiz mudofaa salohiyati mustahkamlandi. Bunda kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi yil sayin oʻsib, qoʻshinlarning zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan jihozlanish darajasi yanada oshirildi.
Zamonaviy tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda dunyoda roʻy berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli toʻqnashuvlar Qurolli Kuchlarimizning jangovar harakatlar jarayonida ilgari amalda qoʻllanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda. Shu sababli, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish eng muhim ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi va bu borada koʻplab amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, mudofaa tizimini takomillashtirish, qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda. Chunki umumiy xatarlarga qarshi birgalikda kurashishni davrning oʻzi talab etmoqda.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilmoqda. Dunyo va MDH hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida oʻtkazilayotgan harbiy musobaqalarda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari jamoalarining muntazam gʻalabalarga erishayotganligi mamlakat yetakchisi tomonidan belgilangan izchil islohotlarning ijobiy samarasidir.
Mudofaa vazirligi jamoasi 2024-yilda Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtgan «Kembriya patruli» musobaqasida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Janubiy Koreyada oʻtkazilgan ilmiy-harbiy tayyorgarlik boʻyicha xalqaro musobaqalarning mutlaq gʻolibiga aylandi.
Qurolli Kuchlarimiz qoʻshni davlatlar bilan ham hamkorlikni mustahkamlamoqda. Jumladan, 2024-yilda Qozogʻistonda oʻtkazilgan «Birlestik – 2024» oʻquv mashgʻulotlari doirasida yurtimiz harbiylari Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va tojikistonlik hamkasblari bilan birgalikda jangovar-taktik harakatlarda ishtirok etishdi.
Hindiston bilan hamkorlikda «Termiz» poligonida oʻtkazilgan «Doʻstlik – 2024» oʻquv mashgʻulotlarining beshinchi bosqichida quruqlik va harbiy havo kuchlari mutaxassislari ishtirok etib, asosiy eʼtibor terrorizmga qarshi kurashish va boshqa
operatsiyalarda boʻlinmalar oʻrtasidagi muvofiqlik va jipslikni oshirishga qaratildi.
2024-yilda Yurtboshimiz boshchiligida jangovar shaylik va xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qonunchilik oʻzgarishlari ham qabul qilindi.
Armiyamiz ayni paytda modernizatsiya asosida zamonaviy aloqa tizimlari, uchuvchisiz havo apparatlari, bronetexnika va razvedka vositalari bilan taʼminlanmoqda.
Oʻzining boy va shonli tarixiga ega boʻlgan IIV Qorovul qoʻshinlari ham mamlakatimiz osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois qoʻshinlar tayyorgarligining intensivligi va sifatini kuchaytirish, shuningdek, harbiy qismlarning jangovar shayligini va boshqaruvini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy koʻnikma va mahoratini oshirish maqsadida har yili qoʻmondonlik-shtab, taktik-maxsus va taktik-saf mashqlari hamda jangovar shaylik tekshiruvlari oʻtkazib kelinadi. Natijada ularning jangovar tayyorgarlik darajasi yanada oshirilib, yuklatilgan vazifalar oʻz muddatida toʻlaligicha ado etilmoqda.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida imtiyozli ravishda uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida uy-joylar bilan taʼminlanmoqda. Xizmat vazifasini fidoyilik bilan ado etib kelayotgan harbiylarning farzandlariga respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilyapti. Sogʻligʻini tiklash uchun sanatoriy va kurortlarda dam olib kelish istagida boʻlgan harbiy xizmatchilar uchun ham imkoniyatlar yaratilmoqda. Hatto tinchligimiz himoyachilarining oilaviy sharoitini yanada yaxshilash va turmush oʻrtogʻining bandligini taʼminlash maqsadida ular monomarkazlarda kasbga oʻqitilib, ishga joylashtirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, zamonaviylashtirish va isloh qilish yoʻlida amalga oshirilgan barcha saʼy-harakatlar mustaqilligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligi, osmonimiz musaffoligi hamda el-yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
