“25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan Samarqand viloyatida tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda oʻz hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek ezgu va olijanob ishga bagʻishlagan mard va sadoqatli, haqiqiy vatanparvar yurt posbonlari shaʼniga samimiy tilaklar bildirildi.
Shuningdek, oʻz xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan fidoiy xodimlarimizning xotirasi cheksiz ehtirom ila yod etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Shavkat Rahmonov soʻzga chiqib, qutlugʻ bayram bilan barcha xodimlarni samimiy muborakbod etdi.
Bayram munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz farmoniga koʻra Samarqand viloyati ichki ishlar tizimida namunali xizmat qilayotgan 1 nafar xodim “Jasorat” medali bilan va 2 nafar xodimlar “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan 1 nafar xodimga “podpolkovnik” va 1 nafar xodimga “mayor” maxsus unvonlari ragʻbatlantirish tariqasida berildi, shuningdek 26 nafar xodimlarimiz Ichki ishlar vazirligining turli idoraviy koʻkrak nishoni, faxriy yorligʻi, esdalik qoʻl soatlari hamda pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasining buyrugʻi bilan 2 133 nafar xodimlar va 165 nafar erkin yollangan ishchi xizmatchilar pul mukofoti bilan, 10 nafar xodimlar qoʻl soati bilan mukofotlandi.
Tadbir soʻngida mukofotlangan bir qator xodimlar soʻzga chiqib, ularga bildirilgan ulkan ishonch kelgusi xizmatlarida yanada masʼuliyat va sharaf bagʻishlashi toʻgʻrisida gapirdilar.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati.
