Dostonbek (ismlar oʻzgartirildi) maktabni bitirib, oliygohga hujjat topshimadi. Chunki oʻqishga kirolmasligini bilardi. Shu bois tanishining togʻasiga qarashli avtomobil yuvish shoxobchasiga ishga kirdi. Biron haftacha shu yerdagi ishchiga shogird turdi... Xullas, uning ishi besh. Choʻntagi doimo puldan toʻlib yurdi.
Azaldan puli borning doʻsti koʻpayadi. Dostonbekning ham sinfdosh doʻstlaridan tashqari, ulfatu jonon tanishlari kun sayin “bolalay” boshladi. Ular ishdan keyin oʻtiradigan boʻlishdi.
Bir kuni ana shunday oʻtirishdan chiqqan Dostonbek uyiga bormay, toʻgʻri ishxonasiga keldi. Chunki doyimgi mijozlaridan biri Hoshimjon “Neksiya”sini yuvdirish uchun olib kelgan edi. Dostonbek mashinani qabul qilib oldi.
Dostonbekning mastligi ustun kelib, mashina egasi ketishi bilan mashinaga oʻtirdi-da, rulni burdi. U biroz shahar aylangach, Shofirkon tumaniga borib sevgan qizini koʻrib kelmoqchi boʻldi. Ammo Shofirkon tumani hududiga yetib kelganida mashinaning yonilgʻisi tugab qoldi. U koʻp oʻylab oʻtirmadi. Darrov mashinadan tushib, yoʻlovchi mashinaga oʻtirib ketdi.
Ertasi kuni uyiga hududiy profilaktika inspektori uni soʻroqlab bordi...
Dostonbek avvaliga qilgan ishidan tonib turdi. Ammo qoidabuzar protsessual tartibda ushlangach, pushaymonligini aytib, kechirim soʻradi.
Shunday qilib, Dostonbekning oxirini oʻylamay qilgan ishiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
