Katta leytenant Shuhratjon Abdurazzoqov Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumani markazidagi eng gavjum joylardan hisoblangan «Muqimiy» nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini hududida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qiladi. Quyida uning odatdagi ish kunlaridan biri haqida hikoya qilamiz.
...Yana bir munavvar tong otdi. Soat 8:00 ga yaqin katta leytenant Shuhratjon Abdurazzoqov xizmat uyidan chiqib, oʻzi faoliyat olib boradigan mahalla fuqarolar yigʻini idorasiga yoʻl oldi. Mahalla oqsoqoli Hoshimjon Mullayev ham, faollar ham shu yerda ekan. Ular har kuni bir xonaga jam boʻlib, oʻzaro maslahatlashib, kun davomida bajariladigan ishlarni kelishib olishadi. Bugun ham shunday boʻldi. Mahalla raisi fuqarolardan tushgan arizalar, hal qilinishi lozim boʻlgan ishlar haqida gapirdi. Vazifalar oʻzaro taqsimlandi.
Shundan soʻng mahalla raisi va profilaktika inspektori 17-umumtaʼlim maktabiga yoʻl oldi. Mazkur maktabda 1264 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. Ular dastlab davomat bilan qiziqdi. Muntazam dars qoldirayotgan oʻquvchilarning ismi-sharifini alohida daftarga yozib olishdi. Maqsad buning sabablarini oʻrganish edi.
Yoʻlda oqsoqol Shuhratjonga oʻtgan haftada er-xotin oʻzaro janjallashib qolgan oila haqida eslatdi. Soʻnggi paytlarda bir oz notinchlik boʻlayotgan mazkur oiladan yana bir bor xabar olish maqsadida inspektor mashinasini ular yashaydigan koʻchaga burdi.
Xayriyat, oila tinch ekan. Olib borilgan tushuntirish ishlari va nasihatlar taʼsir qilibdi, chogʻi, er-xotin murosaga kelishibdi. Mahalla raisi va profilaktika inspektori ularga oila muqaddas ekanini, oʻrtada farzandlar borligini yana bir bor eslatib, koʻngillari xotirjam tortib, boshqa manzilga yoʻl olishdi.
Bu manzilda probatsiya xizmati nazoratida turuvchi fuqaro Aʼzamjon Rahmonov istiqomat qiladi. U bilan ham suhbatlashib, ishlari qanday ketayotgani, oilasidagi shart-sharoit haqida surishtirishdi. Aʼzamjon hammasi joyida ekanini taʼkidlagach, oqsoqol uning haqiga duo qilib, ikkisi xonadonni tark etdi.
Shu pallada profilaktika inspektorining uyali telefoniga qoʻngʻiroq boʻldi. Telefonni olsa, mahalladagi Navoiy nomli koʻchaning koʻchaboshisi aloqaga chiqqan ekan. Ushbu koʻchada 4-sektor ishchi guruhi koʻmagida ariqlarni tozalash va yoʻlni kengaytirish ishlari olib borilayotgan edi. Ammo bir-ikkita xonadon egalari ariq ustiga qurib olgan, qatnovga xalaqit berayotgan devorlarini buzmayman, deb qaysarlik qilayotgan ekan. Natijada oʻrtada ozgina tortishuv yuz beribdi. Koʻchaboshi shu haqda xabar berib, profilaktika inspektoridan yordam soʻradi.
Katta leytenant Shuhratjon Abdurazzoqov mahalla raisi bilan birga darhol Navoiy koʻchasiga yetib bordi. Norozlik kayfiyatidagi fuqarolar bilan suhbat oʻtkazishdi. Amalga oshirilayotgan ishlar, xalq manfaatini koʻzlab qilinayotganini, fuqarolarning huquq va burchlari haqida ularga tushuncha berdi. Oʻzaro muloqot biroz choʻzilgan boʻlsa-da, norozi kayfiyatdagi fuqarolarning fikri ijobiy tomonga oʻzgardi, ular oʻz xatolarini tushunib yetishdi. Obodonlashtirish ishlari esa yana davom etdi.
Tushdan soʻng inspektor xizmat xonasiga kelib, ariza va shikoyatlar bilan shugʻullanishga kirishdi. Keyin bir arizani oʻrganish uchun fuqaro xonadoniga yoʻl oldi, undan arizada bayon qilingan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tushuntirish xati oldi.
Mahalla hududini aylanib, bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar bilan suhbat oʻtkazdi, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun videokuzatuv moslamalari oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar berdi. Ayrim tijoratchilar va boshqa fuqarolar bilan gaplashib, oʻzlariga tegishli mol-mulk hamda narsa-buyumlarni asrash, hamisha hushyor boʻlish kerakligini tushuntirdi.
Kechga yaqin xizmat xonasiga fuqarolardan biri maslahat soʻrab keldi. Inspektor fuqaroni erinmay tingladi, unga yuzaga kelgan muammosi yuzasidan huquqiy maslahat berdi, qonunchilikdan kelib chiqib, toʻgʻri yoʻl koʻrsatdi.
Katta leytenant Shuhratjon Abdurazzoqov xona derazasidagi pardani asta koʻtarib, tashqariga boqsa, allaqachon tun choʻkibdi. Shu pallada uyali telefoni yana tanish kuy chaldi. Qarasa, turmush oʻrtogʻi qoʻngʻiroq qilayotgan ekan. Yuragida allanechuk hayajon bilan yashil tugmani bosdi.
– Assalomu alaykum, dadasi, yaxshimisiz? – degan tanish ovoz keldi.
– Rahmat, yaxshi oʻtiribsizlarmi, bolalar yaxshimi?
– Hammasi yaxshi, uyga qachon qaytasiz? Osh damlamoqchi boʻlib turibman. Nabiralarini sogʻinib dadam bilan oyim mehmonga kelishdi. Sizni kutyapmiz.
– Juda yaxshi boʻpti-da, – dedi qahramonimiz yuziga quvonch yugurib. – Tez orada yetib boraman, oshni damlayvering.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
