Insonni aqlu hushidan ozdiruvchi, sarhush qiluvchi moddalar isteʼmoli, tabiiyki, uni egri yoʻlga boshlaydi. Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi ikki yosh yigit yarim tungacha spirtli ichimlik ichishdi.  Kayflari oshgach, koʻngillari koʻcha sayrini tusab qoldi. 

Bekat yonida turgan mashinaga koʻzlari tushib, uning haydovchisiga “Shahar boʻylab bizni aylantirasan”, deya shart qoʻyishdi. Haydovchi ularning shartiga rozi boʻlmadi. Bundan jahli chiqqan ulfatlar haydovchi yigitni doʻpposlab, unga tan jarohati yetkazishdi. Soʻng yoʻllarida davom etisharkan, bir tanishiga duch kelishdi. U bilan ilgari gʻijallashib qolganlarini eslab, bu yigitni ham kaltaklashdi. 

Koʻchada-koʻyda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, birovni urish-doʻpposlab, unga shikast yetkazish javobsiz qolmaydi, albatta. Bu shovvozlarga nisbatan ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2 va 3-qismlariga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.