Voqea joyini ekspert-mutaxassis sifatida koʻzdan kechirgan katta leytenant Sanjar Salimov ashyoviy dalil tariqasida qoʻl-barmoq izlarini oldi. Olingan izlar zudlik bilan viloyat IIB EKMda mavjud shaxsni avtomatlashtirilgan biometrik identifikatsiya qilish tizimi orqali tekshirilganda, ular Fargʻona viloyati Rishton tumanida yashovchi, 2007-yilda tugʻilgan M.S.ning oʻng qoʻl nomsiz va jimjiloq barmoqlaridan qoldirilganligi aniqlandi. Shu tarzda jinoyat «issiq izida» fosh etildi.
Bu Gʻijduvon tumani IIB EKG katta eksperti, katta leytenant S. Salimovning faoliyatidan bir shingil, xolos. U 2021-yilda IIV Akademiyasini tugatib, dastlab Buxoro shahar IIOFMB EKBda ekspert lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. Soha sir-asrorlarini tajribali ustozlari, podpolkovniklar Zohidjon Haqberdiyev va Baxshillo Atavullayevlardan puxta oʻrgandi. 2023-yilning mart oyidan boshlab, egallab turgan lavozimida ishlab kelmoqda. Faoliyati davomida koʻplab jinoyatlarning «issiq izida» fosh etilishiga erishdi. Birgina oʻtgan yilni oladigan boʻlsak, 9 ta oʻgʻrilik holatlari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarni aniqlashda oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarida ekspert-mutaxassis sifatida ishtirok etib, 25 ta daktiloskopik, 13 ta trasologik,
25 ta sovuq qurol tadqiqotlarini oʻtkazdi hamda ekspertiza xulosalarini taqdim qildi.
Xullas, katta leytenant S. Salimovning hamkasblari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli sodir etilayotgan jinoyatlar tezkorlik bilan fosh etilib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi taʼminlanmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
