Xizmat faoliyati davomida viloyat hududida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishda oʻzining munosib hissasini qoʻshib keldi. Ayniqsa, boshqarmaning Mehribonlik uylari bilan hamkorlik guruhi katta ofitseri lavozimida ishlagan payti bir savob ishga qoʻl urdi. – Mehribonlik uylariga Milliy gvardiya masʼul etib biriktirilgach, Buxoro shahridagi 32-sonli mehribonlik uyi bolalari bilan koʻproq shugʻullana boshladim. Oʻsha paytda mehribonlik uyida 82 nafar bola tarbiyalanayotgan edi. Bolalarning ota-onasi va yaqinlari bilan jiddiy ish olib borilgach, ularning soni oʻttiztaga kamaydi. Shundan soʻng viloyatimizda oilaviy bolalar uyini tashkil etish rejalashtirildi, – deydi Murodjon Rahmatulloyev. – Oʻshanda 26 yoshda edim. Oilaviy bolalar uyi ochish uchun yoshim yetmasakan. Oʻylanib oʻtirmasdan, otam bilan maslahatlashdim. U kishi meni qoʻllab-quvvatladi, oilaviy bolalar uyini tashkil etdik va 7 nafar bolani qaramogʻimizga oldik. Ammo koʻp oʻtmay, ikki nafar bolani yaqinlari olib ketishdi. Bugungi kunda bolalarning 

2 nafari 3-sinfga oʻtgan, qolgan­lari esa bogʻchaga boradi. 

Hayot har bir insonni sinovlar orqali tarbiyalaydi. Murodjon Rahmatulloyev oʻzi uchun juda aziz inson, tayanchi va maʼnaviy ustozi boʻlgan otasini baxtsiz hodisa tufayli abadiy yoʻqotgach, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashni oʻrgandi. Mehr va eʼtiborga muhtoj bolalar uchun otalik mashaqqatini oʻz zimmasiga oldi.

Murodjon har bir bolaning hayotda munosib oʻrin topishi, bilimli va insonparvar boʻlib kamol topishi uchun bor kuchini sarflamoqda. Uning oilasida hukm surayotgan muhit – mehr, bagʻrikenglik va insonparvarlik timsoli boʻlib, «ota» soʻzining chin maʼnosini oʻz hayotida namoyon etmoqda. Unga onasi – Hamida opa va turmush oʻrtogʻi Eʼzoza Ibodovalar qoʻlqanot boʻlishmoqda. Ayniqsa, Eʼzozaxon qaramogʻidagi bolalarni oʻz farzandlari Parichehra va Ifora kabi bir xil mehr bilan tarbiyalamoqda.

Ilm-fanda ham faol izlanuvchi mutaxassis sifatida tanilgan M. Raxmatulloyev 2023–2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasining «Tergov faoliyati» yoʻnalishini muvaffaqiyatli tamomlab, «Mustaqillik yillarida Buxoro viloyatidagi ommaviy axborot vositalari tarixi» mavzusida ilmiy tadqiqot olib bordi. Ayni paytda ilmiy ishini himoya qilish arafasida turibdi. 

Bugungi kungacha yigirmadan ortiq xalqaro va ilmiy jurnallarda maqolasi, ikkita oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi chop etilgan. Yoshlarning sevimli ustozi boʻlgan lavhamiz qahramoniga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dotsent ilmiy unvoni berilgan.

Kapitan Murodjon Rahmatulloyev 2022-yil «Eng ulugʻ – eng aziz» fotodizayn koʻrik-tanlovining gʻolibi hamdir. Bundan tashqari, koʻplab viloyat tanlovlarida faxrli oʻrinlarni egallagan. Xususan, 2025-yil iyun oyida Coursera taʼlim platformasidagi «Google IT Support Professional Certificate» kursini muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro darajadagi IT sertifikatiga ega boʻldi. 

Qisqasi, fidoyi xizmat, ilmiy izlanish, zamonaviy bilimlar va insoniy fazilatlar uygʻunlashgan insonlar orasida kapitan Murodjon Rahmatulloyev alohida oʻrin tutadi. U kabi sidqidil insonlar bor ekan, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajak avlodning maʼnaviy yetukligi kafolatlanadi. Uning hayoti – bu faqat ish kitobchasi uchun emas, balki har bir yosh mutaxassis uchun ibrat namunasidir.


Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.