Bosib oʻtgan yoʻling ravon boʻlsa, koʻngling xotirjam boʻladi. Eng asosiysi, odamlar koʻziga tik qaray olasan. Qilgan yaxshi amallaringdan faxr tuyasan. Bu fikrlar maqolamiz qahramoni, uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan isteʼfodagi polkovnik Alisher Joʻraevga ham tegishlidir. 

TAQDIRNING BITIGI

Isteʼfodagi polkovnik Alisher Joʻrayev 1956-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. 1973-yili oʻrta maktabni tamomlab, Rossiyaning Novokuznesk shahridagi Sibir metallurgiya ins­titutiga oʻqishga kirgan. Tahsil olib yurgan kezlari, ichki ishlar organlari talabalarni jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha tadbirlarga jalb qilardi. Talabalar orasida alohida ajralib turgan A. Joʻrayevga aslida oʻshanda taqdirning oʻzi ichki ishlar organlari xodimi boʻlishini belgilab qoʻygandek edi. Zabardast, epchil, zuvalasi pishiq yosh yigitning gʻayratu shijoatini koʻrgan rahbariyat uni ishga taklif etadi. Shunday qilib, u faoliyatini Harbiy oʻt oʻchirish qismidan boshlaydi. Biroz muddat oʻtgach, milisioner boʻlib ishlaydi. 

Halol, intizomli, masʼ­uliyatli, tashabbuskor xodim sifatida tezda rahbariyat tiliga tushgan 

A. Joʻrayev Novokuznesk shahri IIB Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatida faoliyatini davom ettiradi. Ishdan ajralmagan holda maxsus milisiya maktabida tahsil oladi. Turli vazifalarda ishlab, tajriba orttiradi. 

1981-yili Oʻzbekiston Res­publikasi IIV xizmatiga chaqirtiriladi. Poytaxtda ishni Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatidan 

boshlaydi. 

Koʻp yillar Narkotikka qarshi kurashish xizmatida boʻlim boshligʻi, boshliq oʻrinbosari va bosh­liq lavozimlarida ham ancha yillar samarali mehnat qilgan. Markaziy Osiyoda BMTning Narkotik va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashish markazi, shuningdek, Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi hamda Oliy Majlis huzurida Narkotikka qarshi kurashish milliy markazi ochilishida alohida hissa qoʻshgan.

Yurt osoyishtaligi yoʻlidagi xizmatlari vazirlik va hukumatimiz tomonidan bir necha bor eʼtirof etilgan. Xususan, 1996-yili «Jasorat» medali bilan taqdirlangan. Xuddi shu yili polkovnik unvoniga ega boʻlgan. Oʻshanda u endigina navqiron 40 yoshda boʻlgan. 

A. Joʻraev xodimlarning bilim va kasbiy mahoratini oshirish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishga, yetarlicha xizmat sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor bergan. Ularning Vengriya, Amerika, Turkiya kabi davlatlarda oʻqib, malaka oshirishini taʼminlagan. Koʻplab shogirdlari bugungi kunda yuqori davlat idoralarida, IIV tizimida xizmat vazifasini bajarib kelmoqda. Xususan, Ulugʻbek Tursunov, Shuhrat Sotvoldiev, Murod Nosirov uning eng shijoatli shogirdlaridan. Bir qator shogirdlari Rossiya Ichki ishlar vazirligi tizimida, Samara viloyatida, Kirovda, qoʻshni respub­likalarda, xorijda xizmat qilmoqda.

PULI BOR BOLANI BUZISHGA URINISHADI

Isteʼfodagi polkovnik Alisher Joʻrayev bugungi kunda ham, ayniqsa, yoshlar orasida giyohvandlik vositalari isteʼmol qilish holatlari ortib borayotganini kuyunchaklik bilan gapiradi. Yoshlar tarbiyasida «maktab – mahalla – oila» hamkorligi, jipsligi nihoyatda muhimligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, ota-onalar farzandining doʻsti kim, qoʻl telefonidagi suhbatdoshlari kim, qiziqishlari qanaqa, boʻsh vaqtlarini qanday oʻtkazyapti... Shularni nazoratga olish, moddiy jihatdan bolani ortiqcha erkalatmaslik lozim, deydi. Chunki pul bolani buzadi. Yanayam toʻgʻrirogʻi, puli bor bolani buzishga urinishadi. 

BAXTIYOR OILA

Alisher aka eng buyuk saodat — oila baxti, deb hisob­laydi. Uning uch nafar qiz farzandi bor: kattasi Aziza, Toshkent farmasevtika instituda oʻqituvchi. Keyingisi Feruza, Sudyalar oliy maktabi bitiruvchisi. Asli Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan, Davlat soliq qoʻmitasida ishlaydi. Kenjasi Ziyoda Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlagan, «AKFA Medline» klinikasida shifokor boʻlib ishlaydi. Turmush oʻrtogʻi Minavvara opa esa koʻp yillar respublika modellar uyida xizmat qilgan. «Allohga shukr, onasining saʼy-harakati, tarbiyasi tufayli qizlarimizdan koʻnglim toʻq. Barchasi uchun turmush oʻrtogʻimdan minnatdorman», deydi lavhamiz qahramoni. 

BUGUNGI KUNDA...

Isteʼfodagi polkovnik Alisher Joʻraev poytaxtimizning Shayxontohur tumani Zafarobod mahallasida yashaydi. Uni kattayu kichik hamma taniydi. Kezi kelganda, biron masala yuzasidan yoʻl-yoʻriq, maslahat olishadi. Mahalla idorasidan oqsoqol, profilaktika inspektori ham bot-bot soʻrab turishadi. Qahramonimiz hali hamon odamlar orasida, ularning ogʻirini yengil qilishga, qoʻlidan kelgan yordamini berishga harakat qiladi. 

Oʻzining ham boʻsh oʻtirishga toqati yoʻq, biznes bilan shugʻullanadi, oʻzining logistika xizmatini yoʻlga qoʻygan. Biz ham qahramonimizga mustahkam sogʻliq, ishlariga esa barokat va kuch-quvvat tilaymiz. 

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.