Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga qarashli mazkur bilim maskanida pedagog murabbiylar hamda oʻquvchi yoshlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy oʻquv xonalari, sport maydonchalari, yotoqxona va ovqatlanish xonalari ular xizmatida. Bundan oqilona foydalangan holda, oʻquvchi yoshlar nafaqat taʼlim, balki sanʼat va sport sohalarida ham katta yutuqlarga erishmoqdalar. Ular fan olimpiadalarida, musiqa festivallari hamda tuman, shahar, respublika va hatto xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida bilim va mahoratlarini namoyish etib, gʻolib boʻlishmoqda. 

Jumladan, oʻtgan yili 3-dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan Armanistonning Yerevan shahrida oʻtkazilgan «Sideto side» musiqa festivalida Rossiya, Qozogʻiston, Gruziya, 

Moldova, Oʻzbekiston va Qir­gʻiz Respublikasidan imkoniyati cheklangan oʻquvchi yoshlar qatnashdi. Maktab-internatning 10-sinf oʻquvchisi Zuhra Shavkatjonova mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. U vokal yoʻnalishidagi qoʻshigʻi bilan ishtirok etib, diplom bilan taqdirlandi. 

2025-yilning 7–14-dekabr kunlari Dubayda boʻlib oʻtgan V Yoshlar Paraosiyo oʻyinlarida ham faxrli oʻrinlarning egallangani quvonarli. Aniqrogʻi, mazkur nufuzli xalqaro musobaqada maktab-internatning 8-sinf oʻquvchisi Dilnura Mamatqulova parayengil atletika sport turi boʻyicha muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mahoratli sportchi qiz 1500 metrga yugurish bellashuvida birinchi, 400 metrga yugurish va uzunlikka sakrash boʻyicha ikkinchi, 200 metrga yugurishda esa uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Dilnura kabi yosh sportchilarning muvaffaqiyatli chiqishlari tufayli Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqada katta natijalarga erishdi.


Feruz YOʻLDOSHOV,

oʻz muxbirimiz