Ichki ishlar organlari va DDX xodimlari Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani “Koʻkgumbaz” qishloq fuqarolar yigʻinidagi “Sangzor-15” yoʻl-patrulʼ xizmati maskanida “Neksiya-3” rusumli avtoulovni sabrsizlik bilan kutardilar. Bunga ushbu avtomobilʼ haydovchisining giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanishi sabab edi. Yana ham aniqrogʻi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari yaqinlashib kelayotgan avtoulovda taqiqlangan modda borligi toʻgʻrisida maʼlumotga ega edilar.
Nihoyat kutilgan avtomashina koʻrindi va yoʻl-patrulʼ xizmati xodimi avtomashina haydovchisiga toʻxtash ishorasini berdi. Shundan soʻng “Neksiya-3” hamda haydovchi xolislar ishtirokida tintuvdan oʻtkazildi. Mazkur jarayonda “Neksiya-3” haydovchisi – Surxondaryo viloyati Denov tumani “Oʻrikzor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi A.T.ning choʻntagidan 2 dona polietilen paketga oʻralgan 106,9 gramm gashish hamda 9,21 gramm opiy topildi.
Tergovga qadar surishtiruv davomida u mazkur giyohvand moddalarni muqaddam sudlangan qoʻshnisi A.H.dan olganligini bildirdi. Ushbu maʼlumot asosida A.H. ham ushlandi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
