Bobom urushga ketganida 18 yoshda boʻlgan ekan. Janggohlardan omon qaytgach, ichki ishlar organlariga xizmatga kirib, 30 yil yongʻin xavfsizligi xizmatida faoliyat koʻrsatgan. Keyinchalik bobomning maslahati bilan menda ham shu sohaga qiziqish uygʻondi. 2009-yilda sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, yongʻin xavfsizligi xizmatiga qabul qilindim.
Bobom koʻzlariga yosh olib «Kasbimni tanlaganingdan juda xursandman, bolam. Hech qachon yuzimni yerga qaratma, hamisha xalqqa sadoqat bilan halol xizmat qil», – deya duo qilgani hech qachon yodimdan chiqmaydi.
Ana shu duo va oʻgitlar hayotimda muhim dasturilamalga aylandi. 15 yildirki, har kuni ishga ketayotganimda u kishining duosini olishga odatlanganman.
Ilgari bobom bayram tadbirlarida ishtirok etib, mashhur «Katyusha» qoʻshigʻiga raqsga tushardi. Shu bois haligacha odamlar hazil qilib «Katyusha bobo» deb chaqiradi. Bir-ikki yildan buyon salomatligi yomonlashgani tufayli tadbirlarga borolmay qoldi. «Qani endi, yoshlikka qaytsam-u, oyoqlarimga darmon kirib, «Katyusha»ga raqsga tushsam», deydilar.
Bobomning suhbatidan bahramand boʻlish uchun xonadonimizdan mehmonlar arimaydi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, tuman hokimligi va ichki ishlar boʻlimi mutasaddilari, hudud profilaktika inspektori hamda mahalla faollari uni doim yoʻqlab, holidan xabar olib turishibdi. Xotira va qadrlash kuni yaqinlashgani sari uyimiz yanada fayzga toʻlmoqda.
Bobom va buvijonim ahillikda 4 nafar farzand oʻstirgan. Nabiralarning soni
10 nafardan, chevaralari esa 30 nafardan oshib ketgan.
U kishi uzoq umr koʻrish siri haqida gapirib, doim shunday maslahat beradi: «Qalbing toza boʻlib, insonlarga hamisha yaxshilik qilsang, eng muhimi – xushchaqchaq yursang, albatta, yuzga kirasan!».
Muhiddin SHOKIROV,
Oltiariq tumani FVB 26-yongʻin qutqaruv
qismi haydovchisi.
