Oʻtgan asrning 41 yili. Hozirgidek jazirama yoz emas, kuzning oʻrtasi, 16 noyabrʼ kuni edi. Yigitlar urushga ketgan va toʻda-toʻda boʻlib ketayotgan, qoraxatlar eshiklarni chertib kira boshlagan, koʻchada pochtachi koʻrinsa, ota-onalar yuragi dupurlab ura boshlagan kezlar. Yuraklar quvonch nimaligini unutib, urush degan yaradan vujudlar bezillab turgan xomush kunlar edi. Toshkent shahrida yashovchi Toʻxtanazar Sultonov oilasida oʻgʻil tugʻilib, oilaga jilla boʻlsin, quvonch shabadasini ulashdi. Axir, yana bir boʻlajak – Vatan posboni dunyoga keldi. 

El qatori urush azobidan zahmat chekib, qish taraddudini koʻrayotgan xonadon sohiblari «Bolam, urush vaqti tugʻilding, ammo umring urush koʻrmay oʻtsin. Bu urush tezda tugab, tinchlik-

osoyishtalikda katta boʻlgin», deya yaxshi niyatlar qilishdi... 

Ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi polkovnik Uygʻur Sultonov bu yil 83 yoshga toʻladi. Bu salkam ming oy umr koʻrdi, degani. Ammo shu ming oyning ming kuni, yaʼni 3 yildan ziyodrogʻi zulmatda, qamoqxonalarda oʻtdi... 

U. Sultonov armiya xizmatini oʻtab, Toshkent davlat universitetining yuridik fakulʼtetiga oʻqishga kiradi. 1967-yilda oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgach, taqsimot asosida Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. Dastlab xizmatni hozirgi Mirzo Ulugʻbek tumani IIBda tergovchilikdan boshlaydi. Keyin Toshkent shahar IIB va IIV Tergov boshqarmasida tergovchi, katta tergovchi, muhim topshiriqlar boʻyicha katta tergovchi, boʻlim boshligʻi va bosh­qarma boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.

Andijon viloyatida xizmat safarida boʻlib, oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan jinoiy guruh qilmishini tergov qilayotgan guruh rahbari, Ichki ishlar vazirligi Tergov boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Uygʻur Sultonovni qamoqqa olishibdi, degan shum xabar nafaqat vazirlik rahbariyatini, balki uni bilgan, yaqindan tanigan kishilarda, hamkasblari va qoʻl ostidagi xodimlarda kes­kin taajjub uygʻotdi. 

Uni Andijondan Toshkentga poezdda olib kelib, Davlat xavfsizlik xizmati binosining yertoʻlasiga tashlashdi. «Sen bosh­ligʻing Sarkis Kalustyanga falonchi orqali pora bergansan. Va yana oʻsha vaqtdagi vazir Haydar Yahyoevga lavozimga oʻtirish uchun uning kuyovi orqali pora tariqasida tilla soat sovgʻa qilgansan» degan ayblovlarni qoʻyishdi. 

– Men barcha ayblovlarni kes­kin rad etdim, – deya oʻsha mudhish kunlarni eslaydi qahramonimiz. – Hech kimga pora bermaganman, bularning bari tuhmat, deb turib oldim. Qiziq-da, boshligʻim bilan quyi tizimlarda birga ishlaganmiz. Ish yuzasidan koʻp maslahatlashganmiz, bir-birimizdan soʻrab oʻrganganmiz. Mening layoqatim va qobiliyatimni bilgani uchun u meni oʻziga oʻrinbosarlikka taklif qilgan. Meni ishga oling, deb, pul berish u yoqda tursin, hatto iltimos ham qilmaganman. Qizigʻi shundaki, pul beraman, desam, oʻrtaga odam qoʻyib nima qilaman. Oʻzim beraverishim mumkin edi-ku.

Tilla soat menda qaydan boʻlsin. Uyimda tintuv oʻtkazishibdi. Kutubxonadan boshqa hech narsa topisha olmagan. Ayolimni soʻroq qilishibdi. «Uyingizga kimlar kelardi? Eringiz kimlar bilan doʻstlashgan, ular bilan nima haqda gaplashardi?», deb ancha soʻroq qilishgan. Bir-ikki oydan soʻng ularni tinch qoʻyishibdi. 

Xullas, olti oy tergov hibsxonasida yotdim. Baqir-chaqir, doʻq-poʻpisa, urish-soʻkish va qiynoqlarni aytmay qoʻya qolay. Tana azobi oʻtib ketadi, ammo vijdon azobi oʻtmaydi. Shuning uchun qancha azob bermasin, chidadim. Boʻhtonni boʻynimga olmadim. Birovga tuhmat qilishni oʻzimga or bildim. Qanday qilib, men ularga tuhmat qilaman. Ertaga yuziga qanday qarayman... Men bilan bir xonada oʻtirgan Ubaydulla Tojixonov ham oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni qatʼiy rad etdi. 

Ikki oy uydagilarim bilan uchrashtirishmadi. Oziq-ovqat olishga ruxsat berishmadi. Bular qonunga xilof edi. Axir, men tergovchiman, tergov prosessini, mahbuslarni saqlash va saqlanish tartibini yaxshi bilaman-ku. Shuning uchun ular bilan kurashdim. Ikki oydan soʻng uydan oziq-ovqat ola boshladim. Bir oʻzimga, adashmasam, oʻntalar tergovchini almashtirishdi-yov. Hech qaysisi aybimni boʻynimga qoʻyolmadi. Olti oydan soʻng hibsda saqlanish muddatim tugagach, yo aybimni isbotlanglar, yo aybsiz, deb qoʻyib yuboringlar, deb ariza yozdim. Gdlyanning oldiga chaqirishdi. U meni rosa avradi: falonchilarga qarshi koʻrsatuv bersang, u boʻladi, bu boʻladi, deb... 

Ivanovning oldiga tushirishdi. U rosa doʻq qildi. Mayli, seni qoʻyib yuboramiz, lekin 3 oy uy qamogʻida oʻtirasan. Hech qayerga chiqmaysan, shunga tilxat yozib ber, deydi. Men tilxat yozmayman, dedim. Chunki bu yoqamga ilmoqni ixtiyoriy ilib olishim bilan barobar edi. Men yozmadim. Ular asossiz yana uch yil ushlashdi. Vaziyat ancha oʻzgardi. Oxiri bir kuni Moskvadan, harbiy prokuraturadan U.Sultonovning harakatlarida jinoyat alomatlari boʻlmagani uchun reabilitasiya tariqasida jazodan ozod etilsin, degan mazmunda javob keldi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 1988-yil 20 yanvardagi xatiga koʻra, 

1987-yil noyabrda U.Sultonovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi SSSR Harbiy prokuraturasi tomonidan tugatilgan. Shu bilan birga, u oʻsha yili 25 fevralda ichki ishlar organlariga tiklanib, oʻz lavozimiga tayinlangan. 

Soʻngra IIV rahbariyati topshirigʻi asosida Transportdagi IIBda xizmat qilib, 1990-yilda pensiyaga kuzatilgan.

Toʻrt devor orasida oʻtgan kunlar esiga tushsa, U. Sultonovning kayfiyati buziladi. Nega, nimaga, nima uchun degan savollar aybsiz aybdor uchun hali-hanuz jumboq, tushunarsiz. Koʻngilda yaraday qotib qolgan.

– Xalqimiz bejiz suv balosi, oʻt balosi va tuhmat balosidan oʻzing saqla, deb duo qilmas ekan. Inson taqdirida nima boʻlsa, oʻzi sababchi boʻladi, deydilar. Yoʻq, faqat oʻzi emas, baʼzan tuzum ham, tizim ham sababchi boʻlib qolishi mumkin ekan. Shuning uchun, avvalo, yurtimiz tinch boʻlsin. Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin. Mustaqil boʻlganimizda bu koʻrgiliklarni koʻrmasmidik, bu azoblarni tortmasmidik, deyman-da, deydi ustoz Uygʻur Sultonov xoʻrsingancha.

Shuhrat ROʻZIYEV, 

oʻz muxbirimiz.