Xorazmshohlar davlatida mamlakat tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash hamda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida shixnalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ular oʻz otryadlari bilan jazolash vazifasini ham bajargan. Odatda, shixna lavozimiga turkiy xalqqa mansub lashkarboshilar –amirlar tayinlangan. Kimda-kim hokimiyat uchun havf tugʻdirsa, xalqni mavjud tuzumga qarshi boshlamoqchi boʻlsa, shixna darhol uni aniqlab, tegishli jazoga tortgan. 

 Amir Temur davlatida harbiy yurishlar paytlarida tunash uchun va oʻrda sifatida joylashtirilgan qoʻshin qarorgohida maxsus soqchilar boʻlinmasi boʻlgan. Ushbu boʻlinma qoʻshinlar qarorgohidan yarim farsax uzoqlikda joylashib, oldinga maxsus postlar joylashtirilgan. Soqchilar bir-birlari bilan muntazam aloqada boʻlib, dushman haqida olingan maʼlumotlarni qarorgohga yetkazib turgan. Qarorgohning oʻzida ham maxsus soqchilar boʻlib, ular tartibni saqlab, savdo-sotiq va oziq-ovqatlarning narxini nazorat qilib, yuz berishi mumkin boʻlgan oʻgʻriliklarning oldini olish uchun javobgar edilar. 

XVI – XVIII asrlarga kelib Temuriylar saltanati oʻrnida bir-biridan mustaqil uchta davlat – Buxoro xonligi (XVIII asr oʻrtalaridan amirlik), Xiva va Qoʻqon xonliklari tashkil topdi. Ularda davlat boshqaruvi bir-biriga oʻxshash boʻlib, Temuriylar, Shayboniylar davridagi boshqaruv tartibi deyarli oʻzgarishsiz saqlangan. Davlat boshqaruvi, moliya, sud, mirshablik va harbiy ishlar hukmdorning qarindoshlari, oʻziga yaqin odamlar tomonidan boshqarilgan. Ular oʻz faoliyatlarini bajarishda katta huquq va imtiyozlarga ega boʻlganlar.

Bu davrda shayxulislom, mufti, aʼlam, qozi, muhtasib (rais), koʻkaldosh, dorugʻa, dodxoh, yasovul kabi mansab egalari boʻlgan. Ular din va shariat qoidalariga rioya etilishi, adolat mezonlarining bajarilishi, bozorlardagi tosh-tarozining toʻgʻriligiga masʼul boʻlgan, mamlakat miqyosidagi xavfsizlikni nazorat qilish, tergov olib borish va soliqlarni yigʻish kabi vazifalarni bajarishgan. 

Aholining tinchligi va osoyishtaligi uchun mirshablar masʼul hisoblangan. Mirshab soʻzi (arabcha mir – hukmdor, shab – tun) Markaziy Osiyo xonliklarida maʼmuriy lavozim, tungi shahar soqchisi va ularning boshligʻi maʼnosida qoʻllanilgan. Mirshablar shaharlar va qishloqlarda kecha-yu kunduz soqchilik qilishgan, jamoat joylari, bozorlar va koʻchalarda tartib-osoyishtalikni taʼminlagan. Shuningdek, qozilar (sud) tomonidan jinoyat uchun tayinlangan jazoni ijro etish ham ularning zimmasiga yuklangan.

Jinoyat va jazo ishlari shariat qonunlari asosida hal etilgan boʻlib, masalan: oʻgʻirlik jinoyati uchun oʻgʻri mol-mulkni oʻz egasiga qaytarish va zararni qoplashga majbur qilingan, baʼzi holatlarda, yaʼni qayta oʻgʻirlik sodir etganda, uning qoʻli kesilgan. Qotillik jinoyati sodir etilganda esa shariat qoidalariga koʻra «qasos» qoidasiga amal qilingan. Yaʼni jabrlanuvchining oilasi qotilni jazolashni (oʻlim) yoki «diya» (toʻlov) olishni tanlash huquqiga ega boʻlgan. Bosqinchilik va yoʻltoʻsarlik jinoyati uchun oʻlim yoki surgun qilish jazosi belgilangan. 

Urushlar tugagach, harbiy qoʻshinning uyiga tarqatilmagan qismi hukmdorlarning xavfsizligi, shahar va qishloqlarda osoyishtalikni taʼminlash, oʻgʻirliklar va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun vaqtincha mirshabboshilarga boʻysundirilgan. Harbiylar tinchlik paytda asosan mirshablik, harbiy maqsadlar uchun yoʻllar, koʻpriklar qurish, yangi istehkomlar barpo etish, eskilarini taʼmirlash, harbiylar uchun uy, yotoqxona qurish ishlari bilan shugʻullanganlar. 

Xiva xonligida mirshablar davlat va shariat qoidalariga qatʼiy boʻysunardi. Ularning asosiy vazifasi Ichan-qalʼani qoʻriqlash, qozi hukmiga koʻra, belgilangan jazolarni ijro etishdan iborat boʻlardi. Arxiv hujjatlariga koʻra, Xivadagi Pahlavon darvoza, Shayx darvoza, Mahmud ota darvoza, Xizr bobo darvozalarida jami 29 nafar mirshab xizmat qilgan. 

Buxoro amirligidagi markaziy davlat boshqaruvida Buxoro shahri alohida oʻrin egallagan. Jumladan, ushbu shahar hokimi (qoʻshbegi) amirning birinchi vaziri va boshqa viloyatlar boshqaruvchisi hisoblangan. Shahardagi jamoat tartibini saqlash mirshablar zimmasiga yuklatilgan. Ular shahar mirshabboshisiga boʻysunishgan. Buxoro shahri mirshabboshisiga, shuningdek, boshqa barcha shaharlar mirshabboshilari ham itoat etishgan. 

Mangʻitlar hukmronligi davrida Buxoroda qoʻshbegi, qozikalon, bosh rais va mirshabboshi birgalikda «chor hokim», yaʼni, «toʻrt hokim» deb yuritilgan. Amir saroyida ijro hokimiyatini amalga oshiruvchi lavozimlar qatoriga shahar xavfsizligiga javobgar boʻlgan mirshabboshi va uning qoʻl ostidagilar, suv taʼminotiga javobgar boʻlgan mirob va uning qoʻl ostida ishlaydiganlar kirgan. Mirshabboshiga, shuningdek, yasovulboshi, devonbegi, mahramboshi, mirzalar, dahboshi, shabgard (kechki qorovul), farroshboshilar ham boʻysungan. 

Xalqimizda qadimdan oʻzgalar moliga koʻz olaytirish, oʻgʻrilik qilish nihoyatda qattiq qoralangan. Kamdan-kam uchrab turadigan tarozidan urish, oʻgʻrilik, zino va boshqa shu kabi jinoyatlarni sodir etganlar aniqlansa, ular xalq oʻrtasida namoyishkorona jazolangan. Masalan, manbalarda Buxoroda bozorlarda xaridor haqqiga xiyonat qilgan sotuvchi yarimyalongʻoch holda aravada, bozor ahliga namoyish qilinib, ovozi boricha: «Men shayton yoʻliga kirib, xaridorni aldadim», – deb jar solishga majbur etilgan. Bu kabi taʼsir choralari oʻziga xos «profilaktika» vazifasini oʻtab, jinoyatchilikni jilovlashning bir usuli boʻlgan. 

Aholi tomonidan har bir mahallaning, koʻchalarning oʻz oqsoqoli saylangan. Turli oilaviy kelishmovchiliklar, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi janjallar ana shu oqsoqollar tomonidan joyida hal etilgan. Ular tomonidan chiqarilgan hukmni hamma qabul qilishi va bajarishi shart boʻlgan. Faqat buning iloji boʻlmagan murakkab vaziyatlardagina mojaroga mirshablar va qozilar aralashgan.

Anvar KANDAXAROV, 

tarix fanlari boʻyicha falsafa 

doktori(PhD), dotsent.

Asliddin BEGBOYEV, 

podpolkovnik.