Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan prezident saylovi boʻyicha Yexhtning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi oraliq hisobotini eʼlon qildi.

YEXHT DIIHB (Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi) joriy yilning 15 sentyabr kuni Oʻzbekistonda oʻz Missiyasini boshladi. U Toshkentda joylashgan 11 nafar mutaxassisdan iborat.

Shu bilan birga, 24 sentyabrdan boshlab Oʻzbekistonning barcha viloyatlari boʻyicha taqsimlangan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar va mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

DIIHB Missiyasi ushbu uchrashuvlar natijalariga asoslanib, oʻz hisobotida saylov kampaniyasidagi qator ijobiy jihatlar haqida xabar beradi. Xususan, unda barcha tartib-taomillarning muddatlariga saylov organlarining amal qilishi, yaʼni rejalashtirilgan tadbirlar belgilangan sanalarda oʻz vaqtida oʻtayotgani qayd etiladi.

Hisobotda fuqarolarning saylov jarayoni bilan bogʻliq shikoyatlar yoʻqligi maʼlum qilingan. MSK, hududiy saylov yoki sud organlariga aholidan biron-bir shikoyat kelib tushmagani qayd etiladi.

Istalgan siyosiy partiya, OAV vakillari va mahalla fuqarolar yigʻini xodimlari saylovlarni kuzatish uchun erkin kirishga haqlidirlar.

YEXHT DIIHB oʻz hisobotida Oʻzbekistondagi media makonga oʻz eʼtiborini qaratgan. Missiya soʻnggi yillarda media iqlimning yaxshilanganini maʼqullaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston OAV xalq ovozi va “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylandi. Oavda eʼlon qilinayotgan tanqidiy maqolalar eʼtiborsiz qolmayapti, davlat organlari ularni tahil qilib, jamiyat bilan muloqotga kirishmoqda. Fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar inson huquqlari, jumladan, soʻz erkinligining taʼminlanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratishmoqda.