Bugungi kunda Xorazm viloyati IIB Probatsiya boʻlimi tomonidan jinoiy-huquqiy sohadagi qonunchilik ijrosini taʼminlash, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud hukm va ajrimlarining ijrosini taʼminlash, mahkumlar ongida qonunga itoatkorlik hissini uygʻotish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbirlar va sayyor sud yigʻilishlariga probatsiya guruhi hisobidagi mahkumlar taklif etilib, jazoni oʻtash davrida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan, zimmasiga yuklatilgan vazifalarga masʼuliyat bilan yondoshgan hamda tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni muddatidan avval shartli ravishda ozod etish yoki jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, sud tomonidan oʻrnatilgan taʼqiq va cheklovlarga rioya qilmagan ayrim mahkumlarning jazo turlarini ogʻirrogʻiga almashtirish masalalari tushuntirib borilmoqda.
Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Xonqa tumani sudi tomonidan tumandagi Paxtagul mahallasida sayyor sud yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mehnatga halol munosabatda boʻlgan, sud tomonidan oʻrnatilgan taʼqiqlarga toʻliq rioya etgan, oʻzining xulqini ijobiy tomonga oʻzgartirgan 4 nafar nazoratdagi shaxslarga nisbatan yengilroq jazo qoʻllanilib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan, tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Shuningdek yigʻilishida probatsiya xizmati nazoratidagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda avf qilingan shaxslarning murojaatlari ham tinglanib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
