Mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida. Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Har bir tuman-shahar­dagi sektor rahbari bilan bir qatorda, «mahalla yettiligi» mahallaning oʻzida barcha muammoli masalalarga barham berish boʻyicha samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, oʻtgan yil davomida profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan barcha maʼmuriy huquqbuzarliklar yuzasidan qonuniy choralar koʻrildi. Shuningdek, 3 mingga yaqin yoki har uchinchi mahallada bironta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Olib borilgan islohotlar samarasi oʻlaroq, mahallalarda xavfsizlikni taʼminlashda huquq-tartibot maskanlarining roli yuqori boʻlmoqda. Shuning uchun ham, IIV, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Milliy teleradiokompaniya, Maʼnaviyat va maʼrifat markazining «Namunali mahalla huquq-tartibot maskani» koʻrik-tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoʻshma qarori asosida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda respublikadagi barcha maskanlar dastlab tuman, soʻngra esa 4 ta mintaqa bosqichida tashkil etildi.

Mazkur maskanlar joylashgan mahalladagi profilaktika va xotin-qizlar inspektorlari, yoʻl-patrul, patrul-post va probatsiya xizmati xodimlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda tuman-shahar sektor rahbarlarining faoliyati jami 11 ta nominatsiya asosida baholandi.

IIV Madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan tanlovning respublika bosqichida Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, Oʻzbekiston Respublikasi Senati qoʻmita raisi Qutbidin Burxonov, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik qoʻmitasi raisi Malika Kadirxanova hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning masʼul rahbarlari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirni ochib bergan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojo­nov ushbu tanlov huquq-tartibot maskanlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim vosita boʻlib xizmat qilishi, shu­ningdek, mahalla faollari va keng jamoatchilik hududlarni jinoyatlardan xoli maskanga aylantirish borasida muhim qadamlar tashlaganini alohida eʼtirof etdi.

Shundan soʻng sahnaga sportning boks turi boʻyicha super oʻrta vazn toifasida WBA kamarini qoʻlga kiritib, professional boks boʻyicha yangi jahon chempioni boʻlgan Isroil Madrimov taklif etildi. Vazir Oʻzbekistonni yana bir bor dunyoga tanitgan oʻzbek oʻgʻloniga muddatidan oldin «mayor» maxsus unvoni va esdalik sovgʻalarini tantanali tarzda topshirdi.

– Prezidentimiz tomonidan taqdirlanganim, bugun Ichki ishlar vaziridan «ma­yor» maxsus unvonini qabul qilib olganim juda quvonchli voqea boʻldi, – deydi Toshkent viloyati IIBB TVBSO xodimi Isroil Madrimov. – Bunday ishonch va eʼtirof menga yanada masʼuliyat yuklaydi hamda sohadagi keyingi faoliyatimda kuch bagʻishlaydi. Maqsadim musobaqalarga yanada jiddiy tayyorgarlik koʻrib, professional boksdagi boshqa kamarlarni ham qoʻlga kiritib, mutlaq gʻolib boʻlish va Vatanimiz bayrogʻini yanada yuqoriga koʻtarish.

Nihoyat tanlov gʻoliblari eʼlon qilindi. «Eng faol profilaktika inspektori» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB HPB profilaktika inspektori, kapitan Jasur Jumayev qoʻlga kiritdi. «Eng faol mahalla fuqarolar yigʻini raisi» nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar Olmazor tumani «Ziyo» MFY raisi Ubaydullo Mamajonov eʼtirof etildi. Namangan viloyati Chortoq tumani «Bogʻ» MFY hokim yordamchisi Islomjon Abdulhamidov «Eng faol hokim yordamchisi» nominatsiyasiga munosib koʻrildi. «Eng namunali xotin-qizlar faoli» nominatsiyasi boʻyicha Samarqand viloyati Jomboy tumani «Naymantepa» mahallasi xotin-qizlar faoli Sanobar Abdullayeva tengsiz boʻldi.

– Hududimizda aholi soni 5000 nafarni tashkil etadi, – deydi Chiroqchi tumani «Mustaqillik» mahallasidagi 6-sonli huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, kapitan Jasur Jumayev. – Oʻtgan yil davomida hududda birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Jinoyatchilik va huquqbuzarlikni jilovlashda hamda bugungi yutuqlarga erishish zamirida «mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda olib borilgan saʼy-harakatlar yotibdi, deb oʻylayman. Prezidentimiz va vazirlik rahbariyati tomonidan bizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun kelgusida yanada shijoat bilan xizmat qilamiz.

Tanlovning «Eng faol yoshlar yetakchisi» no­minatsiyasi boʻyicha gʻoliblik Andijon shahar «Maʼrifat» MFY yoshlar yetakchisi Yunusbek Abdugʻafforovga nasib etdi. Shuningdek, «Eng faol xotin-qizlar masa­lalari boʻyicha inspektori» nominatsiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahar IIOFMB JXX HPB katta inspektori, podpolkovnik Ayjamol Namenova gʻolib boʻldi. «Eng faol yoʻl-patrul xizmati inspektori» sifatida Sirdaryo viloyati IIB JXX YHXB katta inspektori, kichik serjant Mavlon Xoʻrazov eʼtirof etildi. Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni inspektori, safdor Umidjon Razakov «Eng faol patrul-post xiz­mati inspektori» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikka sazovor boʻldi. «Eng faol probatsiya xizmati inspektori» – Xorazm viloyati Xiva tumani IIB JXX Probatsiya guruhi katta inspektori, ka­pitan Hamrobek Jumaniyozov boʻldi.

Shuningdek, tanlovning «Eng faol sektor rahbari» nominatsiyasi boʻyicha Jizzax viloyati Doʻstlik tumani IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari, podpolkovnik Sherzod Qosimov, Toshkent viloyati Zangiota tumani 1-sektor rahbari Erkin Rustamov, Buxoro viloyati Buxoro tumani 2-sektor rahbari Karim Ikramov, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani 4-sektor rahbari Rahmatilla Sattarovlar gʻolib deb topildi.

Koʻrik-tanlovning «Eng namunali mahalla huquq-tartibot maskani» yoʻnalishi boʻyicha 3-oʻringa ikki hudud – Jizzax viloyati Doʻstlik tumani «Saritepa» mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika katta inspektori, ma­yor Ilhom Shodmonov) hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Ahmad Yassaviy nomli mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika katta inspektori, kapitan Siroj Pirmetov) loyiq koʻrildi. 2-oʻrin esa Buxoro viloyati Buxoro tumani «Rabotiqalmoq» mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika katta inspektori, kapitan Shahob Ismoilov) munosib deb topildi.

Boshlovchi eng hayajonli daqiqalar yaqinlashayotganini bildirdi. Yaʼni, koʻrik-tanlovning faxrli 1-oʻrin sohibini aniqlash fursati yetgan edi. Uni aniqlab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov sahnaga taklif etildi. Vazir Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani «Guliston» mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, kapitan Ikromjon Sotvoldiyevga gʻoliblik diplomi va xizmatda foydalanish uchun «BYD Chazor» elektromobil kalitini tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirga bayramona ruh bagʻishlash uchun IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansambli xonandalari oʻzlarining kuy-qoʻshiqlari, soʻz ustalari esa ichakuzdi hangomalari bilan chiqishlar qilishdi. Bu tadbir ishtirokchilariga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.

 

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Abu KENJAYEV

olgan suratlar.