Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasida hududdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida navbatdagi yigʻilish tashkil etildi.
Videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasiga masʼul boʻlgan barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar hamda inspektor-psixologlar ishtirok etishdi. Tanqidiy va tahliliy tarzda boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor D.Nazarmuhamedov ishtirok etib, oʻtgan yili hamda joriy yilning shu davrigacha viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Tadbirda oʻz vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun xizmat hududida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻygan xodimlarning hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, yigʻilishda kelgusida viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish va kuchaytirishga qaratilgan qarorlar qabul qilinib, uning ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Shu bilan birga, barcha shahar va tuman ichki ishlar organlaridagi profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar hamda inspektor-psixologlarning xizmat faoliyati oʻrganilib, ularga amaliy yordamlar koʻrsatildi. Tadbir davomida profilaktika inspektorlarining nazariy bilimlari yuzasidan sinovlar qabul qilindi.
Ishchi guruh tomonidan profilaktika inspektorlarining xizmat uylarida yaratilgan shart-sharoitlar hamda undan foydalanish tartib-qoidalari ham oʻrganib chiqildi.
Zokir ISMOILOV,
podpolkovnik.
