Toshkentda yashovchi S.M. jarqoʻrgʻonlik tadbirkor K.X.dan qiymati 400 million soʻmlik mahsulot xarid qiladi. Kelishuv boshida mahsulotlar uchun 100 million soʻm pulni shu yerning oʻzida beradi, qolgan 300 million soʻmini biroz muddatdan keyin berishini aytadi. Tadbirkor bunga rozi boʻladi. Ammo S.M. mahsulotlarni olib ketgach, qolgan pulni bermaslik uchun ming bir bahonalarni toʻqiy boshlaydi. Oradan ancha vaqt oʻtgach, K.X. ichki ishlar organiga murojaat qiladi.
Tergov ishini olib borgan Temurmalik Boʻriyev ustalik bilan dalil toʻplashga kirishadi. Chunki oluvdor qilmishidan boʻyin tovlashga tushadi. Telefondagi soʻzlashuvlar, kelishuv vaqtidagi guvohlarning koʻrsatmalari, zarur hujjatlarni toʻplagach, fuqaro S.M. noiloj qilmishini tan oladi va jabrlanuvchiga pullarni toʻlab beradi.
Katta leytenant T.Boʻriyev tomonidan fosh etilgan shu kabi firibgarlik, oʻgʻirlik, shaxsga tan jarohati yetkazish kabi jinoiy ishlarga qoʻl urgan kimsalar qonun oldida javob berishdi. Ayniqsa, shu yilning yanvar oyida sodir boʻlgan oʻgʻirlik ortidan 7 ta oʻgʻrilik holatiga aniqlik kiritilib, jinoyatchilar qonun ixtiyoriga topshirildi.
– IIV Akademiyasini tamomlagach, faoliyatimni Qiziriq tumani IIB huzuridagi Tergov guruhida surishtiruvchilikdan boshladim, – deydi lavhamiz qahramoni. – Bugunga qadar ish faoliyatim davomida turli holatlarga duch keldim, turli jinoiy ishlarning tergov jarayonlarida qatnashdim. Baʼzan ishning mashaqqatli jihatlariga sabr qilishga toʻgʻri keldi. Ammo, muhimi harakatdan toʻxtamaslik, oʻz ustida ishlash va doimiy izlanish lozimligini tushunib yetdim.
Temurmalik Boʻriyev oilali, bir nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi Muqaddas Norqulova tibbiyot yoʻnalishida tahsil olmoqda. U ham turmush oʻrtogʻining masʼuliyatli vazifada ishlashini yaxshi tushungan holda, doim qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki oilasida halovat topmagan kishi ishida koʻngli toʻlib mehnat qilolmaydi.
Katta leytenant T.Boʻriyev jamoat tadbirlarida ham faol. «Eng yaxshi tergovchi» koʻrik-tanlovida, «Zakovat» intellektual oʻyinlarida yosh bilimdon xodim sifatida qatnashib kelmoqda. Kelgusida esa oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish niyati bor.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
