Katta serjant Aliyorbek Mirzaev patrul-post batalyonida ikki yil xizmat qilgach, Andijon viloyati IIB PPX va JTSB xizmat itlari pitomnigi inspektor-kinologi lavozimiga tayinlangan. Kinologiya xizmati boshligʻi, mayor Doniyorbek Murodaliyev unga ustozlik qilib, oʻz amaliy tajribasini singdirib, xizmat itlarini oʻrgatish usullari bilan tanishtirdi.

Hozirgi kunda u kinologiya boʻlinmasining 3-guruh komandiri. Bu tajribali mutaxassis tomonidan koʻpgina jinoyatlar «issiq izida» fosh etilgan. 

Yaqinda tezkor vakillar tomonidan oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida Andijon tumani «Darxon» mahallasida yashovchi I. X. 

0,93 gramm «gashish»ni 30 ming soʻmga sotmoqchi boʻlganida qilmishi fosh boʻldi. Qoʻlga olingan shaxs istiqomat qiladigan uyda tintuv oʻtkazildi. Katta serjant A. Mirzayev oʻzining «Layma» laqabli xizmat iti bilan tadbirda ishtirok etdi. Tegish­li buyruqni olgan «Layma» yordamchi xonalarni hidlay boshladi va tez orada plastik paket topishga muvaffaq boʻldi. Ekspertlar xulosasiga koʻra, paketda 1,57 gramm ogʻirlikdagi «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Katta serjant A. Mirzaevning xizmat davrida tarbiyalagan shogirdlari koʻp. Hozirgi kunda serjant Bobur Qosimov va safdor Sarvar Oʻrmonalievga ustozlik qilmoqda. Aliyorbek kelajakda ofitser boʻlish maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti sirtqi boʻlimining 2-bosqichida tahsil olmoqda. 

– Mashgʻulotlar davomida jonivorni tushuna olish va mehr berish keyinchalik ijobiy natijalarga erishishda qoʻl keladi. Asta-sekin xizmat itingiz qanday rivojlanayotganini koʻrasiz va bu bir-biringizni tushunish uchun yordam beradi. Mashgʻulotlar sizga ham, xizmat itingizga ham quvonch baxsh etuvchi, pirovardida hayotingizni boyitadigan rishtalarni mustahkamlash yoʻlidir, – dedi suhbat yakunida katta serjant Aliyorbek Mirzaev.

Boris KLEYMAN,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.

Suratda: katta serjant Aliyorbek Mirzaev «Layma» bilan.