Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida “Zamonaviy kriminologiyada kiberjinoyatchilikka qarshi kurashning dolzarb masalalari: muammolar, ilgʻor tajriba va ilmiy-amaliy yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. 

Tadbirda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, shuningdek, huquq-tartibot idoralari hamda respublikadagi nufuzli taʼlim muassasalarining yuksak salohiyatga ega mutaxassis-ekspertlari va olimlar ishtirok etdilar. 

Konferensiya doirasida kiberjinoyatchilikning zamonaviy tendensiyalari, axborot xavfsizligini taʼminlashda davlat va nodavlat tuzilmalar oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmlari, xalqaro tajribada kiberxavfsizlikni mustahkamlash usullari, raqamli maydonda huquqbuzarliklarning oldini olish strategiyalari hamda tergov-surishtiruv jarayonlariga ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi, – deydi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi, mayor Lochinbek Atoev. – Bu kabi konferensiyalar kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va shu turdagi jinoyatlarning oldini olishda soha mutaxassislarini nazariy amaliy bilimlarini almashish va yanada boyitishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunlari boʻyicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar hamda amaliy takliflar toʻplam koʻrinishida rasmiy tarzda chop etilishi, shuningdek, konferensiya mavzusiga oid ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha masʼul organlarga taqdim etilishi uchun alohida axborot-tahliliy hujjat tayyorlash belgilandi.