Poʻlat BOBOJONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri,

general-leytenant

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida fuqarolarimiz uchun munosib sharoitlarni yaratish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga doir dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli insoniyat uchun sinovli kelgan 2020 yilda davlatimiz rahbari boshchiligida erishgan yutuqlarimiz barchamizga zoʻr quvonch, mustahkam ishonch bagʻishlamoqda. 2021 yil mamlakatimizda Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb eʼlon qilindi. Bugun shu yil boshida turibmiz. Maqsadlarimiz ulkan, zimmamizda vazifalar koʻp. Masʼuliyat, fidoyilik bilan yondashsak, albatta, barchasini uddalaymiz.

Bu yil davlat organlarining boshqaruv idora rahbarlari oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirib, yoʻlga qoʻyadi. Buning uchun jamiyatimizning eng quyi tizimi – mahallalarda ish tashkil etiladi. Asosiy eʼtibor ijtimoiy-maishiy muammolari mavjud oilalar bilan manzilli ishlash, yosh avlodni chinakam vatanparvar etib, qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, aholi orasida jismoniy tarbiya va sogʻlom ovqatlanishni ommalashtirish masalalariga qaratiladi.

Davlatimiz rahbari oʻz Murojaatnomasida taʼkidlab oʻtganidek, bugungi kunda joylarda yechimini kutayotgan koʻplab masalalar mavjud. Achinarlisi, yoshlar orasida ishsizlik, maʼnaviy oqsoqlanish, fuqarolar oʻrtasidagi ziddiyatli, nizoli holatlar bugungi kunda jinoyat va huquqbuzarliklarning asosiy sababi boʻlib qolmoqda.

Shuning uchun, 2021 yilda joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlar aynan ushbu masalalarni «mahallabay» tarzida hal qilish borasida aniq chora-tadbirlarni belgilab boradi. Maqsad «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalar, yigit-qizlar bilan manzilli ishlab, muammolarini bartaraf etishdir.

Joriy yilda qonun ustuvorligini taʼminlash va insonparvarlik tamoyiliga tayangan holda, jinoyatga qoʻl urgan insonlarni jamiyatimizning munosib vakili etib, sogʻlom turmush tarziga qaytarish maqsadida 25 ta manzil-koloniyalarni bosqichma-bosqich qisqartirish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi. Birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya nazoratiga olib, ularni oilasi bagʻrida tarbiyalash imkoniyati yaratiladi.

Oʻz navbatida, joylardagi barcha davlat tashkilotlari vakillarini jalb etib, aholi oʻrtasida huquqbuzarliklarning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan samarali ishlarni amalga oshirish ichki ishlar organlarining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Har bir mahallada jinoyatchilikni jilovlash, ayniqsa, oʻta ogʻir va ogʻir turdagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida hududiy ichki ishlar organlarining mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlinmalari, Milliy gvardiya hamda prokuratura bilan oʻzaro amaliy hamkorligini kuchaytirish choralari koʻriladi. Ayniqsa, xonadon oʻgʻirliklari, firibgarlik, bosqinchilik, talonchilik kabi jinoyatlardan fuqarolarimizni asrash borasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar oʻtkazib boriladi. Shu bilan birga, korruptsiya, odam savdosi, narkojinoyatlar kabi ijtimoiy xavfi katta hisoblangan jinoiy qilmishlar uchun «jazo muqarrarligi printsipi»ni toʻliq taʼminlash borasidagi tezkor tadbirlar yanada kuchaytiriladi.

Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida aytganidek, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham 2021 yildan toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berish tartibi joriy etiladi.

2021 yilda fuqarolarimizning mushkulini oson qilish borasida yaratilayotgan sharoitlar va qulayliklarni yanada kengaytirish uchun ichki ishlar organlari tomonidan aholiga interaktiv tarzda koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining soni 12 tadan 20 tagacha yetkaziladi. Shuningdek, barcha davlat organlari uchun faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida tashkil etish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Bu borada boshlangan ishlarni jadallashtirib, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish choralari koʻriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Murojaatnomada belgilab berilgan barcha vazifalar ichki ishlar organlarining kelgusi faoliyati uchun muhim dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

(«Yangi Oʻzbekiston»)