Olim (ismlar oʻzgartirildi) mavsumiy ishchi, ustachilik ham qoʻlidan keladi. Toʻrt nafar farzandi bor. Ayoli Bahora esa uyda, chunki kichkina farzandi olti oylik chaqaloq. Oila boshligʻining topgani kundalik xarajatlar, roʻzgʻorini tebratishiga yetar, ular tinchgina yashardi. Oʻn ikki yil xorijda yashagan qaynona, yaʼni Olimning onasi uyga qaytishi bilan xonadondan mayda-chuyda gaplar qoʻni-qoʻshni, mahallaga chiqadigan boʻldi. Kelin oʻtirsa oʻpoq, tursa soʻpoq, undan qaynonaning hech koʻngli toʻlmaydi. Oiladagi mojaro oxir-oqibat «Oʻgʻlimni ajrataman, boshqasiga uylantiraman»gacha borib yetdi. Qaynonaning zugʻumi haddan oshib, koʻziga toʻrt nafar nabirasi ham koʻrinmadi.

– Oiladagi ahil-inoqlik, totuvlikni saqlash, avvalo, unda yashaydigan qaynona-qaynota, er-xotin va boshqalarning murosakorligida, – deydi Samarqand tumani IIB JXX HPB XQMB katta inspektori, podpolkovnik Lola Hamidova. – Biroq oramizda murosa ham bir tilsimligini anglab yetmagan odamlar yoʻq emas. Achinarlisi, ana shu murosasizlik oiladagi sogʻlom muhitga putur yetkizadi. Va buning jabrini birinchi galda norasida goʻdaklar tortadi.

Yuqorida taʼkidlangan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilani saqlab qolishga erishdik. Ammo bu jarayon oson boʻldi, deya olmayman. Chunki oilaning barbod boʻlishiga qaynonaning qaysarligidan boʻlak arzirli sababning oʻzi yoʻq.

Qahramonimiz Lola Hamidovaning xizmati koʻpincha oilalardagi turli noxush holatlar, xotin-qizlar bilan bogʻliq muammolar bilan kechadi. Mavjud vaziyatlarga yechim topishida unga sohada uzoq yillar ishlab, tajriba toʻplagani hamda hamkor tashkilot va idoralar masʼullari bilan yaxshi tillasha olishi qoʻl keladi.

– Oʻzbek ayollari mehnatkash va sabr-qanoatli, koʻpincha uyidagi gap ostona hatlab koʻchaga chiqishini istamaydi, – deydi L. Hamidova. – Bu esa qaysidir maʼnoda muammolarning kattalashishiga ham xizmat qiladi. Shu bois xonadonma-xonadon yurib oʻrganayotganda, avvalo, ayollarning kayfiyatiga, turmush sharoitlariga, oiladagi muhitga alohida eʼtibor qarataman. Chunki ayolning toʻkis, baxtiyor hayoti uning yuz-koʻzidagi mehr, shijoatda yaqqol akslanadi. Biroq turli oilaviy muammolardan ezilib, chehrasiga nadomat soya solgan ayollarni koʻrganimda yuragimda ogʻriq turadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Samarqand tumanidagi 74 ta mahallada 272,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 138 ming nafari xotin-qizlar. Oʻtgan 2023-yil davomida tazyiq va zoʻravonlikdan aziyat chekkan 116 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Shuningdek, ularni himoya qilish, oila-turmush doirasidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha Tayloq tumani sudi, jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand tumani sudidan nizolashayotgan oilalarning manzilli roʻyxati olinib, mahallalarda ushbu oilalar bilan profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bunda asosan nikohdan ajratish, aliment, uyga kiritish, otalikka eʼtiroz bildirish, ota-onalik huquqini cheklash, otalikni belgilash bilan bogʻliq holatlar muhokama qilinmoqda. Ushbu oʻrganishlar samarasi oʻlaroq, bir qator oilalardagi nizolar bartaraf etilib, bir qanchasi yarashtirildi, ayrimlari hozirda nazoratga olingan.

– Tumanimizda ayni paytda 242 nafar hunarmand ayol faoliyat koʻrsatadi, – deydi podpolkovnik Lola Hamidova. – Ularning yordamida xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, «ustoz-shogird» anʼanasini davom ettirish ham hamisha eʼtiborimiz markazida. Ayniqsa, yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish va bandligini taʼminlashda mahalla raislari, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorlari bilan kengashib, tashkilot va idoralar bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirishga harakat qilyapmiz. Chunki oilaviy nizolarning bir jihati ishsizlik oqibatida oilada kelib chiqayotgan yetishmovchilikka borib taqaladi.

Koʻp sonli oilalar, ayollar, onalar, ayniqsa, bolalarning hayotiga baxtiyorlik atalmish rang olib kirish ilinjida hamisha kuyib-pishib, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan podpolkovnik Lola Hamidova oʻz xonadonida mehribon, bagʻrikeng buvidir.

– Inson bir-biriga koʻzgu, – deydi lavhamiz qahramoni. – Men xizmatimda ham, oilamda ham hayotda koʻzim tushgan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilib hurmat topdim. Toʻgʻri, xizmatimizning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor, ammo ishimni yaxshi koʻraman. Uyga qaytib, nabiram Abdullohning shirin kulgisidan, bagʻrimga talpinishidan charchoqlarim tarqab ketadi. Farzandlarimning mehr-oqibatidan dilim doim yorugʻ. Men hammaga shunday goʻzal hayotni sogʻinaman.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.