Oʻsha kunlar hali hamon esimda: 1991-yili hozirgi Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida oddiy militsioner lavozimida xizmat boshlaganman. Faoliyatim davomida ichki ishlar organlarining turli sohalarida ishladim. Ayni paytda Yakkasaroy tumani IIOFMB 4-sonli IIB boshligʻining tashkiliy masalalar boʻyicha oʻrinbosariman. Hududda joylashgan mahallalarda istiqomat qilayotgan 33 ming nafarga yaqin aholining osoyishtaligiga masʼulman. Fuqarolardan tushayotgan murojaatlarni qabul qilib, ularning ijrosini taʼminlab kelmoqdaman. 

Bugungi kunda koʻpchilikni tashvishga solayotgan jinoyat firibgarlikdir. Ayniqsa, «olx.uz» platformasidagi yolgʻon eʼlonlarga aldanib, chuv tushayotganlar koʻp. Shu bois hududda tez-tez fuqarolar­ning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlar tashkil etib kelinmoqda. 

Tizimda xizmat qilayotganimga deyarli 35 yil boʻlibdi. Aslida, ichki ishlar organi xodimi boʻlish katta sharaf, chunki bu kasb egalariga xalqimiz ishonib yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek masʼuliyatli vazifani yukla­gan. Buni shogirdlarimga koʻp takrorlayman. Shuningdek, xalqning ishonchini oqlash, halol xizmat qilish, zimmasidagi masʼuliyatni chuqur ang­lash kerakligini taʼkidlayman. «Ortingda butun Oʻzbekiston xalqi turganini his et, kerak boʻlsa, joningni ayama, shunda yuksak sharafga erishasan, hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlasan», – deyman. 

Mustaqillikning dastlabki yillari bilan bugungi kunni, bugungi davrni taqqoslab boʻlmaydi, albatta. Har sohada yangilanish, oʻzgarishlar va islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, ichki ishlar organlari tizimida ham. Buni biz chuqur anglagan holda, yosh kadrlarni ona Vatanga muhabbat va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashimiz, kim yurtini sevsa, ishida unum, topganida baraka boʻlishini uqtirishimiz lozim.  

Ilhom XOLMIRZAYEV,

podpolkovnik.

Toshkent shahri.