Buxoro viloyatining Olot tumanida dunyoga kelgan Yoʻlchi Joʻrayev ham ana shunday mard va jasur yigitlardan. U poytaxtimizda joylashgan harbiy qismlarning birida yigitlik burchini oʻtab qaytgach, 2018-yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga hujjatlarini topshiradi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, ilk xizmat faoliyatini Qarshi shahridagi 7533-harbiy qism 4-batalyonida nazoratchi oʻqchi lavozimida boshlaydi. Topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishi, tirishqoqligi, tinimsiz izlanishi sabab tezda hamkasblarining hurmatiga sazovor boʻladi. Sohaga oid bilimlarni ustozi, bugungi kunda harbiy qism 4-batalyoni guruh komandiri oʻrinbosari, serjant Jamshid Berdiqulovdan oʻrganadi. Hozirda harbiy qismning maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodida xizmatni davom ettirmoqda.
– Kichik serjant Yoʻlchi Joʻrayev tezda jamoaga qoʻshilib ketdi, – deydi harbiy qism maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi 3-jangovar guruh komandiri, kapitan Jaloliddin Omonov. – Mehnatsevarligi va bilimdonligi tufayli qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Oʻtgan yili Qorovul qoʻshinlarida oʻtkazilgan «Dovyurak jangchi» intensiv sinovlarida ishtirok etib, gʻoliblar safidan joy oldi.
–«Dovyurak jangchi» koʻkrak nishoni sohibi boʻlgan kichik serjant Yoʻlchi Joʻrayev joriy yilda qoʻshinlar miqyosida oʻtkazilgan «Alvon beret» sinovlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, alvon beret kiyib yurish huquqini qoʻlga kiritdi, – deya suhbatga qoʻshildi harbiy qism maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi 3-jangovar guruh komandiri, leytenant Xushnud Muxtorov. – U maʼnaviy-maʼrifiy, taktik, jismoniy, oʻq otish, saf tayyorgarligi, togʻ tayyorgarligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini yosh askarlarga muntazam oʻrgatib kelmoqda.
– Bunday yutuqlarga erishishimda ustozlarimning koʻrsatgan yoʻl-yoʻriq, tavsiyalari, maslahatlarining alohida oʻrni bor, – deydi kichik serjant Yoʻlchi Joʻrayev.
Lavhamiz qahramoni Vatanga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilib, oʻzining kasb mahorati, insoniy fazilatlari bilan koʻplab safdoshlariga ibrat boʻlib kelmoqda. U turmush oʻrtogʻi Ozodaxon bilan uch nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazayotir. Otasi Jahon aka va onasi Dilrabo opa esa oʻgʻlining bu baxtu kamolini koʻrganlaridan xursand.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
