Forish tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasining xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, kapitan Umida Egamovaga sport bilan shugʻullanish va qoʻshiq kuylash odati bolaligida yuqqan. Aniqrogʻi, ota-onasi boshlangʻich sinfdaligidayoq, Umidani qoʻshiq va raqs toʻgaragiga berishdi. Sal ulgʻaygach, voleybol mashgʻulotlariga qatnay boshladi.

U irodali va qobiliyatli boʻlgani bois, qaysi ishning boshini tutmasin, muvaffaqiyatga erishardi. Jumladan, oʻsmirlik davrida Jizzax viloyati voleybol jamoasining ilgʻor aʼzolaridan biriga aylanib, «Umid nihollari» sport musobaqasining respublika bosqichida gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi. Maktabda uyushtiriladigan bayram tadbirlari, xususan, «Quvnoqlar va zukkolar» koʻrik-tanlovi ham uning ishtirokisiz oʻtmasdi.

Umida Egamova Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida oʻqigan kezlarida ham qiziqishlaridan voz kechmadi. U tarkibida boʻlgan voleybol jamoasi turli yillarda «Universiada»ning respublika bosqichida ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan.

2009 yildan beri Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat koʻrsatayotgan Umida ayni vaqtda Forish tumanida ayollar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrmoqda. 25 ta mahalladan iborat viloyatning eng katta hududini egallagan tumanda samarali xizmat olib bormoqda.

Kapitan Umida Egamova kabi xodimlarning qiziqish va intilishlarini yuzaga chiqarish hamda ragʻbatlantirishda soha vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan turli musobaqa va koʻrik-tanlovlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, 2022 yilning aprel oyida Xorazmda ichki ishlar organlari xodimalari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻpkurashning toʻpponchani toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish yoʻnalishida maqolamiz qahramoniga teng keladigan topilmadi.

24–25 iyun kunlari Andijonda «Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida oʻtkazilgan festivalda «Quvnoqlar va zukkolar» bahslarida hamda avgust oyida ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokidagi «Sanʼatda havaskor isteʼdodlar» respublika koʻrik-tanlovida ham uning yetakchiligidagi jamoa 3-oʻrinni egalladi.

Umida mumtoz ashulalarni yoqtiradi. «Otmagay tong», «Oʻrtar», «Figʻonkim, gardishi davron...» qoʻshiqlarini maromiga yetkazib ijro etadi. Estrada yoʻnalishidagi qoʻshiqlarni ham qoyillatib kuylaydi. U sport hamda sanʼat insonning jismu ruhini mukammallashtirishiga ishonadi va mazkur yoʻnalishlardagi mashqu mashgʻulotlarini kanda qilmaydi.

U ilm olishdan toʻxtagani yoʻq. 2022 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining xavfsizlikni huquqiy taʼminlash fakultetiga sirtdan oʻqishga kirdi. Jizzax viloyati ichki ishlar organlari safida Umida Egamova singari muvaffaqiyat kalitini topganlar anchagina.


Alijon ABDUSATTOROV,

«Postda» muxbiri.

Jizzax viloyati.