Tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyiga chiqqan har bir ekspert-kriminalistdan sinchkovlik va ziyraklik talab etiladi. Bu jihatlarni yaxshi oʻzlashtirgan, ustozlaridan kasb sirlarini mukammal oʻrgangan lavhamiz qahramoni xizmat yillari davomida koʻplab jinoyatlarning «issiq izida» ochilishida ishtirok etdi.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida u tergov-tezkor guruhi tarkibida 30dan ortiq voqea joyini koʻzdan kechirishda qatnashib,
64 ta ashyoviy dalil tadqiqotini oʻtkazdi. Shuningdek, voqea joylaridan olingan izlar, daktokartalar, guvohlar, jabrlanuvchilar va boshqalar soʻzidan tuzilgan fotorobotlar, shaxsi nomaʼlum murdalar, yashash joyi noaniq boʻlgan shaxslarning fotosuratlarini oʻz vaqtida «ADIS-SONDA», «DOSYE» tizimlariga kiritib bormoqda. «Popillon» raqamli texnologiyasi dasturiy tizimiga 1180 ta qoʻl va kaft izlari tushirilgan daktokartalarni kiritgan. Qoʻl barmoq izlari orqali 3 ta va «Polifase» dasturiy tizimi orqali 2 ta jinoyatni ochishda qatnashgan.
Ekspert-kriminalist va tergovchining ishi bir-biriga chambarchas bogʻliq. Tuman IIOFMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, katta leytenant Erkin Ziyobekov faoliyati davomida bir necha bor podpolkovnik Zafar Shermuhamedov bilan hamkorlikda tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyiga chiqqan. U yil boshidan buyon jami 18 ta jinoyat ishini yurituvga olgan boʻlsa, shundan 7 tasini sudga oshirdi.
Ota hayotda farzandi uchun togʻdek tayanch. Oʻgʻlining tetapoya boʻlishida va jamiyatda oʻz oʻrnini topishida yoʻlchi yulduzdir. Erkinning padari buzrukvori – Nurlan Bikbaum ichki ishlar organi xodimi sifatida oʻgʻliga ham ota, ham ustozlik qilgan. U IIV Malaka oshirish instituti kurs boshligʻi. Qahramonimiz dastlabki yoʻl-yoʻriq va koʻnikmalarni otasidan olgan boʻlsa, keyin IIV Akademiyasida olgan taʼlimi, qolaversa, ustozlari hamda hamkasblaridan oʻrgangan bilimlarini qoʻllab, tergov va surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Tergov va ekspert-kriminalist tandemi koʻpgina murakkab jinoyatlarni ochishda qoʻl keladi. Bu ikki xodimning hamkorlikdagi xizmati natijalari ham yomon boʻlayotgani yoʻq. Ular hudud tinchlik-
osoyishtaligi uchun oʻz hissasini qoʻshishyapti.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
