Soʻnggi yillarda yangi muzeylar tashkil etildi, eskilari taʼmirlandi. Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi milliy gʻoya asosida qayta tuzilib, ekspozitsiyalari zamonaviy texnologiyalar asosida tubdan yangilandi.
Maʼlumotlarga koʻra, 1980-yillarda Oʻzbekistonda
33 ta muzey mavjud boʻlgan boʻlsa, 2000-yilga kelib muzeylar soni 88 taga, 2010-yilda 105 taga, 2017-yilda 121 taga yetgan. Bugungi kunda mamlakatimizdagi muzeylar soni (filiallari bilan birgalikda)
138 tani tashkil etmoqda. Hududlar kesimida eng koʻp muzeylar Toshkent shahri (30 dan ortiq), Buxoro viloyati (19 ta), Fargʻona va Samarqand viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Oʻz navbatida ushbu muzeylardagi eksponatlar soni ham soʻnggi 30 yilda qariyb 2 baravar koʻpaygan. Yurtimizdagi muzeylarda oʻzbek va jahon xalqlari tarixi va madaniyatiga doir jami
2 736 000 ta turli eksponatlar saqlanadi.
Yaqin yillarda koʻplab yangi muzeylar tashkil etildi. Xususan, Nukus shahrida va viloyat markazlarida barpo etilgan Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyining filiallari, 2020-yilda poytaxtimizda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan Gʻalaba bogʻi majmuasidagi «Shon-sharaf» muzeyi, 2020-yilda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyining filiali sifatida tashkil etilgan Toshkent muzeyi yurtimiz tarixining hali toʻliq oʻrganilmagan sahifalarini arxiv hujjatlari, noyob eksponatlar va zamonaviy koʻrgazma vositalari orqali toʻlaqonli yoritib berganligi bilan tashrif buyuruvchilarning qiziqishlariga sabab boʻlmoqda.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Qarshidagi noyob moddiy madaniy yodgorliklar restavratsiya qilindi va taʼmirlandi. Xuddi shunday ishlar Toshkentdagi Hazrati imom, Shayx Xovand Tohur, Zangiota majmualari, Koʻkaldosh madrasasida, Termizdagi Sulton Saodat, Qirq qiz, Hakim at-Termiziy majmualarida, Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorut-tilovat, Gumbazi Sayyidon, Dor us-saodat majmualarida ham olib borildi. Buyuk allomalarning nomlari bilan ataladigan 50 dan ortiq ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarda restavratsiya va taʼmirlash ishlari olib borilib, turistik marshrutlarga kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari asosida koʻplab davlat va madaniyat arboblari hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan muzeylarning, xususan, Erkin Vohidov uy-muzeyi (2016), Margʻilon shahrida Erkin Vohidov memorial muzeyi (2019), Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi (2017), Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy yashagan uyida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi, Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bogʻi hududida Abdulla Qodiriy memorial muzeyi (2019), Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Doʻrmon ijod uyi hududida Abdulla Oripovning uy-muzeylarining (2026) tashkil etilishi xalqimizning asl farzandlari, adabiyot va sanʼat ahliga ehtirom ifodasi sifatida yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat, Vatan va millat taqdiriga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlashda muhim vosita boʻlishi bilan birga, Yangi Oʻzbekistonning madaniy siyosati, milliy xotirani tiklash va milliy oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda ushbu muzeylar mamlakatimizda madaniy turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Tahlillarga koʻra, soʻnggi yillarda muzeylar soni va eksponatlarning boyib borishi aholi va xorijlik sayyohlarning qiziqishini yanada oshirib, tashrif buyuruvchilar va sayyohlar oqimining koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Xususan, statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi muzeylarga 2010-yilda
4,9 mlndan ziyod, 2015-yilda
5,4 mlndan, 2019-yilda
7,7 mlndan ortiq insonlar tashrif buyurgan. 2020-2021-yillardagi pandemiya muzeylarga tashriflar sonini kamayishiga sabab boʻlgan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda yana oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda.
2024-yilgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi eng koʻp tashrif buyuruvchilarga ega boʻlgan muzeylar 5 taligini grafikda koʻrishingiz mumkin.
Shuningdek, Nukus shahridagi I.V.Saviskiy nomidagi davlat muzeyi ham tashrifchilar, ayniqsa xorijiy sayyohlar bilan gavjum maskanlardan hisoblanadi.
Shu oʻrinda ana shunday ezgu maqsadlar yoʻlida katta mablagʻlar evaziga bunyod etilayotgan turli muzeylarga aholining tashrifi qay darajada, bugungi yoshlarimiz ushbu muzeylar va ulardagi noyob eksponatlarni qiziqib tomosha qilyaptimi, degan haqli savollar tugʻiladi.
Baʼzan atrofimizdagi odamlar bilan sayohat haqida suhbatlashganimizda, deylik Oʻzbekiston shaharlaridagi diqqatga sazovor manzillar, ayniqsa, hududlarning oʻziga xos ovqatlari haqida koʻp gapiriladi-yu, xolis tan olib aytish kerak, muzeylar yoki u yerda saqlanayotgan noyob osori-atiqalar toʻgʻrisida kam gaplashamiz.
Yoki koʻpchilik yurtimiz muzeylarida mavjud boʻlgan noyob gavharlardan bexabar yoki muzeyga ketadigan vaqtini choyxona, restoran yoki bozorda oʻtkazishni afzal biladigan toifadagi hamyurtlarimiz koʻp.
Shu bois, muzeylarga bagʻishlangan turkum koʻrsatuvlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus targʻibot lavhalari tayyorlanib, doimiy targʻibot qilib borilsa, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari tomonidan uyushgan holda muzeylarga tashriflar tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Zero, Oʻzbekiston muzeylari oʻzining fondi noyob eksponatlari boʻyicha dunyoning aksariyat muzeylaridan boy boʻlsa boydirki, aslo qolishmaydi. Bunday noyob xazinadan bahramand boʻlish va uni kengroq targʻib etish ham aslida vatanparvarlikning bir koʻrinishidir.
Elbek NormOʻminov,
Ichki ishlar vazirligi muzeyi boshligʻi, mayor.
