Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida fuqarolarning ijtimoiy masalalari yechimidan tortib, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, mahallalarni xavfsiz hududga aylantirish va aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish asosiy vazifa etib belgilangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham oʻz ifodasini topmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash ishlari har bir shahar-tumanlarda «mahallabay», “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz hovli” va «fuqarobay» usullarida olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Baxtiyor Islomov va Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatining barcha tuman-shaharlarida boʻlib, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash ishlarining ahvoli hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlari faoliyatini oʻrganmoqda.

Jumladan, viloyat markazidan 300 chaqirim uzoqlikda joylashgan olis Uchquduq, Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahrining mahalla va ovullarida istiqomat qiluvchi aholining mavjud muammolari oʻrganilib, ularni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Xususan Uchquduq tumani hudud jihatdan yirik tuman hisoblanib, 13 ta Mahalla fuqarolar yigʻinlari va Ovul fuqarolar yigʻinlarini oʻz ichiga oladi. Tuman hududidagi kriminogen vaziyat, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatlarni mahallalar kesimida oldini olish borasida qilingan ishlar koʻzdan kechirildi. Shuningdek, Tuman ichki ishlar boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham oʻrganilib, kerakli tavsiyalar berildi.

Ishchi guruh vakillari Zarafshon shahridagi 36-sonli "Yoshlik" mahallasi huquq-tartibot maskanida boʻlib, dastlab mahallada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash ishlari ahvoli tahlil qilindi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, mazkur mahalla oʻtgan yili jinoyatchilik oshgan hududlar sirasiga kirgan boʻlsa, joriy yilda mahalladagi kriminogen vaziyat ijobiy tomonga oʻzgargan. Profilaktika inspektori hamda mahalla faollarining hamkorligi endilikda oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatmoqda.

Mahalla nuroniylari bilan suhbat chogʻida, ularning yosh avlodni tarbiyalashda koʻrsatayotgan jonbozligi orqali yurtimizning rivojlanishiga hissasi katta ekanligi taʼkidlandi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda keksa nuroniylarimiz mahallarimiz obodligi va farovon turmushimiz uchun shukrona keltirishdi.

Kun kech boʻlishiga qaramay ishchi guruh viloyatning yana bir olis hududi – Tomdi tumaniga tashrif buyurdi. Qizilqum choʻlining qoq markazida joylashgan tuman aholisi bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan chetda qolgani yoʻq. Mehmonlar tumanning 165-sonli «Aqtov» mahalla huquq-tartibot maskani faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur mahallada 2020-2021-yillarda birorta jinoyat sodir etilmaganligi eʼtirof etildi.

Avval xabar berganimizdek, ishchi guruh aʼzolari alohida yoʻnalishlar boʻyicha kichik guruhlarga boʻlinib, viloyatning barcha tuman-shaharlari hamda 33 ta kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan mahallalarda amalga oshirilgan ishlar ahvolini koʻzdan kechirmoqda.

Ishchi guruhning Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati