Axborot texnologiyalari va internet tarmogʻi rivojlanib borgani sari, afsuski, kiberjinoyatchilar tomonidan gʻarazli niyatlarda aholining pul mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari ham koʻpaymoqda.

Fargʻona viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda ana shunday qilmish fosh etildi.

Bir guruh shaxslar Fargʻona shahar “Maʼrifat” mahalla fuqarolar yigʻinidagi koʻp qavatli uylarning biridagi xonadonda vaqtincha yashab, “Crypto Bot” nomli dasturiy platforma orqali qonunga xilof ravishda kripto-aktivlarni turli xil kripto-birjalar orqali ayirboshlash faoliyati bilan shugʻullanib kelishgan.

Tezkor tadbir davomida ularning personal kompyuter vositasi, noutbuk, 8 dona turli xil rusumli mobil qurilmalari, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalari aloqa kompaniyalariga tegishli SIM-kartalar daliliy ashyo tariqasida olindi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, jinoiy guruhga aloqador holatlar oʻrganilmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.