Aksariyat insonlar, ayniqsa, keksa yoshli kishilarda koʻp uchraydigan qabziyatning yuzaga kelishiga kamharakatlilik, notoʻgʻri ovqatlanish yoki ichak kasalliklari sabab boʻladi. Bunda uy sharoitida oʻziga-oʻzi yordam koʻrsatishning oddiy, lekin samarali usuli mavjudligini, buning uchun ushbu darddan xalos etishga koʻmaklashuvchi mahsulotlarni taomnomaga kiritish kifoya ekanini koʻpchilik bilmaydi.
Quyida eʼtiboringizga havola etiladigan neʼmatlar ovqat hazm qilish tizimini nojoʻya mahsulotlardan, jumladan, toksinlardan tozalashga yordam beruvchi hamda moddalar almashinuvini ragʻbatlantiruvchi kletchatkaga boy.
Olxoʻri qoqisi tabiiy moddalarni oʻz ichiga olgan samarali vosita boʻlib, yengil boʻshashtiruvchi taʼsirga ega. Ushbu quruq mevani muntazam isteʼmol qiladigan odamlar ich qotishi bilan bogʻliq muammolarga duch kelmasligi isbotlangan. Buning uchun kuniga 100 gramm atrofida olxoʻri qoqisini yeyish kifoya.
Olma foydali moddalar va vitaminlarga boyligi tufayli qabziyatga qarshi kurashishda yaxshi koʻmakchi sanaladi. U peristaltika (oshqozon va ichaklarning toʻlqinsimon kerilish va siqilish harakatlari)ni tiklaydi, tarkibidagi pektin moddasi hujayralardagi suvni ichak boʻshligʻiga uzatadi hamda qorin dam boʻlishini bartaraf etib, ichak mikroflorasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Nok tarkibida fruktoza va sorbitol mavjud boʻlib, ular defekatsiya (ich boʻshalishi)ni tezlashtiradi. Boshqa mahsulotlar kabi ushbu mevani ham butun holda isteʼmol qilish yoki salat va boʻtqalarga qoʻshish mumkin.
Kivining muntazam isteʼmoli ichaklar boʻshalishini yengillatishi allaqachon isbotlangan. Har kuni 2–3 dona kivi yesangiz, ichsurgi dorilardan voz kechsangiz ham boʻladi. Bu uning oʻsimlik tolalariga boyligi bilan izohlanadi. Kivi tarkibidagi aktinidin ichakda ovqat hazm boʻlishini va peristaltikani tartibga soluvchi muhim fermentdir.
Tsitrusli mevalar: apelsin, mandarin va greypfrut ichaklar faoliyatini meʼyorlashtiruvchi hisoblanib, immunitet va tomirlar salomatligi uchun zarur boʻlgan S vitamini, shuningdek, qabziyatga qarshi kurashuvchi oʻsimlik tolalari koʻp. Ularni isteʼmol qilish asnosida vitamin va mikroelementlar majmuini qabul qilasiz.
Ismaloq va boshqa yashil sabzavotlar ham qabziyatga moyilligi bor insonlar ratsionida boʻlishi kerak. Ular ichak devorlari qisqarishini yaxshilaydi. Bundan tashqari, barcha koʻkat va sabzavotlar butun organizm salomatligi uchun zarur boʻlgan S, K va V vitaminlariga boy. Shuningdek, ushbu mahsulotlar vazn tashlashni niyat qilganlar uchun parhez taom oʻrnini bosadi.
Rovoch ich surish xususiyatiga ega tabiiy vosita. Ushbu oʻsimlik tarkibida ichak qisqarishi va defekatsiyani tezlashtiruvchi A sennozidi bor.
Zigʻir urugʻi polisaxaridlarning yana bir ajoyib manbaidir. Uning muntazam isteʼmoli defekatsiyani jadallashtiradi, ichak boʻshalishi muntazamlik kasb etishini taʼminlaydi. Cheklovlar mavjud boʻlgani bois zigʻir urugʻini ehtiyotkorlik bilan isteʼmol qilish lozim. Homilador va emizikli ayollar, shuningdek, yosh bolalar zigʻir urugʻini qabul qilmagani maʼqul.
Bugʻdoy unidan tayyorlangan javdari non ham qabziyatdan xalos etishda samarali taʼsirga ega. Negaki, ushbu mahsulot defekatsiyani yengillashtiradi, ichak peristaltikasini meʼyorlashtiradi.
Suli yormasi (ovsyanka) nafaqat ichak, balki butun organizm uchun foydalidir. U nafaqat perestaltikani meʼyorlashtirib, ichaklar boʻshalishini yaxshilaydi, balki yalligʻlanishni bartaraf etib, ichni yumshatadi. Sulidan tayyorlangan boʻtqani nonushta mahali muntazam isteʼmol qilish sizni qabziyat bilan bogʻliq muammolardan xalos etadi.
Kefir azaldan oʻz foydali xususiyatlari bilan mashhur. Ushbu sut mahsulotining tarkibida ichaklardagi mikroflorani saqlash va tiklash uchun zarur boʻlgan lakto va bifido bakteriyalar mavjud. U qorin dam boʻlishini yoʻqotadi. Bundan tashqari, yengil surgi sifatida taʼsir koʻrsatib, defekatsiyani yaxshilaydi.
Xullas, ich surish xususiyatiga ega dori vositalarini qabul qilishdan avval muammoni tabiiy vositalar yordamida hal qilishga urinib koʻring. Yuqorida keltirilgan mahsulotlarni oʻz taomnomangizga sekin-asta kiriting va natija tez orada namoyon boʻladi. Toʻgʻri va oʻz vaqtida ovqatlanish, jismoniy faollik va doimo harakatda boʻlishni unutmang.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
