Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan vazirlik Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Kelajak soati darslari interaktiv tarzda tashkil etildi. Kelajak soati darslari maktab-iternatida “Kelajakni mardlar, tarixni gʻoliblar yaratadi” shiori ostida oʻtkazildi. Darslar maktab-internatining 19 ta sinfida tashkil etilib, unda Qurolli kuchlar tarkibi, yurtimiz daxlsizligi, Vatanga muhabbat tushunchalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. El-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiylar va otasi izidan borib harbiylik kasbini tanlagan mard oʻgʻil-qizlar mehmon sifatida darslarda ishtirok etishdi. Bunday darslarning tashkil qilinishi yosh avlodning Vatanga sadoqat tarbiyalashga poydevor boʻlib xizmat qildi.
Shuningdek, maktab-internati oʻquvchilarining qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytirish maqsadida vazirlik Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan IIVda mavjud qurol-aslaha, portlovchi moddalarni aniqlash va ularni zararsizlantirish boʻyicha maxsus texnikalar namoyish etildi. Kinologiya xizmati xodimlarining narkotik va portlovchi moddalarni topishga oʻrgatilgan maxsus xizmat itlari ishtirok etdi. Oʻquvchilar tomonidan maxsus texnika vositalariga hamda oʻqotar qurollarga boʻlgan qiziqishlari boʻyicha berilgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Asliddin Begboyev,
podpolkovnik.
