Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlari “Buxoro” xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha alohida batalʼonida “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” shiori ostida Ochiq eshiklar kuni boʻlib oʻtdi.

Tadbirga IIV maxsus otryad mobilizasiya boʻlimi Buxoro viloyati boʻyicha maxsus otryadi xodimlari, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yongʻin- qutqaruv otryadi qutqaruvchilari, Buxoro shahar FVB 2-sonli yongʻin qutqaruv qismi xodimlari bilan hamkorlikda 7258-sonli harbiy qism maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi harbiy xizmatchilari jalb qilindi. Tashrif buyurgan oʻquvchi yoshlarga va harbiy xizmatchilarning farzandlariga Qurolli Kuchlarimizning kuch-qudratini koʻrsatish maqsadida ularga qurol-aslaha va texnikalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbir davomida oʻquvchi yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga ham javob olishdi.

Shuningdek, harbiy qismning maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi harbiy xizmatchilari qoʻl jangi chiqishlarini namoyish qilishdi. Tadbirdan soʻng oʻquvchi yoshlar bilan Buxoro xalqaro aeroporti muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Oʻquvchi yoshlar tadbirdan oʻzgacha taassurotlar bilan qaytishdi.

M. AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.